AMERICAN INTERNATIONAL SCHOOL OF TASHKENT

AKADEMIK HALOLLIK SIYOSATI

Toshkent – 2026

Ushbu tamoyil American International School of Tashkent maktabining asosiy qadriyatlarida ham o‘z aksini topgan bo‘lib, mazkur Akademik halollik siyosati hamda Maktabning boshqa ichki hujjatlarida belgilangan akademik halollik talablarining asosini tashkil etadi.

Har bir o‘quvchi quyidagi talablardan xabardor bo‘lishi va ularga rioya qilishi shart har bir fan bo‘yicha belgilangan akademik talablar, topshiriqlarni bajarish mezonlari va sifat standartlariga rioya qilish, American International School of Tashkent maktabining Akademik halollik siyosati talablariga amal qilish, tadqiqot o‘tkazish, akademik ishlarni tayyorlash, rasmiylashtirish va taqdim etish jarayonida o‘qituvchilarning ko‘rsatmalari va tavsiyalariga amal qilish, ichki va tashqi baholash, shu jumladan yakuniy baholash uchun taqdim etiladigan har qanday ishning mazmuni, haqqoniyligi va akademik halolligi uchun shaxsan o‘zi mas'ul ekanligini anglash.

Maktab akademik halollik ko‘nikmalarini shakllantirish uzluksiz ta'lim jarayonining ajralmas qismi ekanligini e'tirof etadi. Shu munosabat bilan Maktabda o‘quvchilarning akademik halollik tamoyillariga rioya qilishini ta'minlashga qaratilgan maslahat berish, tushuntirish va qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilgan.

Pedagog xodimlar akademik halollik tamoyillariga shaxsiy namuna ko‘rsatishlari hamda o‘quv jarayonida foydalanilgan manbalarga to‘g‘ri havola berish orqali ushbu tamoyillarga rioya qilishlari shart.

O‘qituvchilar o‘quvchilarga akademik ishlarni tayyorlashda fanning xususiyatiga mos iqtibos keltirish va manbalarni rasmiylashtirish usullarini o‘rgatadilar.

Agar muayyan fan bo‘yicha manbalarni rasmiylashtirishning maxsus yoki afzal ko‘riladigan usuli qo‘llanilsa, o‘quvchilar bu haqda mazkur fanni o‘rganish boshlanishidan oldin xabardor qilinishi lozim.

Har bir o‘qituvchi quyidagi talablarga amal qilishi shart:

  • har bir topshiriq bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan ish sifati, akademik talablar, baholash mezonlari hamda topshirish muddatlarini o‘quvchilarga aniq tushuntirish;
  • o‘quvchilarga American International School of Tashkent maktabining Akademik halollik siyosati talablariga rioya qilishda ko‘maklashish;
  • tadqiqot o‘tkazish, akademik ishlarni tayyorlash, yozish va taqdim etish jarayonining barcha bosqichlarida o‘quvchilarga zarur maslahat va yo‘l-yo‘riq berish;
  • o‘quvchining yozma ishining umumiy mazmuni, tuzilishi va akademik talablarga muvofiqligi yuzasidan fikr-mulohaza hamda tavsiyalar berish, biroq o‘quvchining ishini tahrir qilmaslik, til jihatidan tuzatmaslik yoki uning mazmuniga o‘zgartirish kiritmaslik.

O‘QUVCHILARNI QO‘LLAB-QUVVATLASH

Maktab akademik halollik tamoyillarini shakllantirish va rivojlantirish uzluksiz ta'lim jarayonining muhim qismi ekanligini e'tirof etadi. Shu maqsadda o‘quvchilar quyidagi tartibda qo‘llab-quvvatlanadi:

  • barcha o‘quvchilar va ota-onalar (qonuniy vakillar) American International School Of Tashkent maktabining akademik halollik tamoyillari, Akademik halollik siyosati talablari hamda akademik nohalollikning oqibatlari to‘g‘risida xabardor qilinadilar. O‘quv yilining boshida o‘quvchilarga mazkur siyosat tushuntiriladi hamda ular ushbu siyosat bilan tanishganliklarini tasdiqlovchi hujjatni imzolaydilar;
  • o‘quvchilarga barcha fanlar doirasida mustaqil tadqiqot olib borish, axborot manbalaridan to‘g‘ri foydalanish, iqtibos keltirish va manbalarni rasmiylashtirish ko‘nikmalari bosqichma-bosqich o‘rgatiladi;
  • generativ sun'iy intellekt vositalaridan foydalanish faqat Akademik halollik siyosati va Maktabning boshqa ichki hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi mumkin;
  • har bir o‘quv yilining boshida hamda zarurat tug‘ilganda akademik halollik masalalari sinf yig‘ilishlari, seminarlar yoki boshqa ma'rifiy tadbirlar doirasida o‘quvchilar bilan muhokama qilinadi;
  • ichki va tashqi baholash yoki imtihonlarda ishtirok etuvchi o‘quvchilar uchun imtihon qoidalari, akademik halollik talablari hamda baholash tartibi bo‘yicha tushuntirish ishlari Maktabning vakolatli pedagog xodimlari tomonidan o‘tkaziladi;
  • akademik halollikni ta'minlash maqsadida Maktab yozma ishlarning muallifligini va mustaqilligini tekshirish uchun plagiatni aniqlash dasturlari, sun'iy intellekt asosidagi tahlil vositalari, og‘zaki suhbatlar hamda boshqa qonuniy usullardan foydalanishi mumkin. Mazkur vositalar yordamchi xarakterga ega bo‘lib, akademik nohalollik yuzasidan yakuniy qaror barcha holatlar va mavjud dalillar har tomonlama o‘rganilgandan so‘ng Maktab tomonidan qabul qilinadi.

TA'RIFLAR VA INTIZOMIY CHORALAR

Maktab akademik halollik tamoyillariga rioya qilish uzluksiz o‘quv jarayonining muhim qismi ekanligini e'tirof etadi. Shu bilan birga, akademik talablarning buzilishi ayrim hollarda bilim yoki tajriba yetishmasligi natijasida, ayrim hollarda esa qasddan sodir etilishi mumkin.

Akademik halollik qoidalari buzilganligi to‘g‘risida shubha tug‘ilganda, har bir holat ushbu Akademik halollik siyosati hamda Maktabning boshqa ichki hujjatlariga muvofiq alohida tartibda ko‘rib chiqiladi.

AKADEMIK NOHALOLLIK

Akademik nohalollik (Academic Misconduct) — bu o‘quvchining akademik baholash natijalariga noqonuniy yoki insofsiz yo‘l bilan ta'sir ko‘rsatishga qaratilgan har qanday harakati yoki harakatsizligi hisoblanadi.

Akademik nohalollik quyidagilarni o‘z ichiga oladi, biroq ular bilan cheklanmaydi:

Plagiat — boshqa shaxsning g‘oyalari, matni, tadqiqoti, ijodiy ishi yoki boshqa intellektual mulkini tegishli havola bermasdan o‘zining ishi sifatida taqdim etish.

Yo‘l qo‘yilmaydigan hamkorlik — boshqa shaxsga o‘z ishidan ruxsat etilmagan tarzda foydalanish, uni nusxalash yoki baholash uchun o‘z nomidan topshirishga imkon yaratish.

Takroriy topshirish — bir xil yoki mazmunan bir xil bo‘lgan ishni Maktabning oldindan ruxsatisiz bir nechta baholash ishlari uchun qayta topshirish.

Soxtalashtirish — ma'lumotlarni, natijalarni, hujjatlarni yoki boshqa dalillarni qalbakilashtirish, boshqa shaxs tomonidan tayyorlangan ishni o‘ziniki sifatida topshirish, yolg‘on ma'lumot taqdim etish yoki hujjatlarni boshqa shaxs nomidan imzolash.

Sun'iy intellektdan nomaqbul foydalanishAkademik halollik siyosati yoki o‘qituvchi tomonidan belgilangan qoidalarga zid ravishda generativ sun'iy intellekt vositalaridan foydalanish.

Mazkur ro‘yxat akademik nohalollikning barcha turlarini qamrab olmaydi.

Maktab akademik halollik bo‘yicha talablar o‘quvchilarning yoshi, ta'lim bosqichi va akademik tayyorgarlik darajasiga qarab bosqichma-bosqich rivojlantirilishini e'tirof etadi. Shu sababli har bir holat alohida ko‘rib chiqiladi hamda qaror qabul qilishda o‘quvchining yoshi, qoidabuzarlikning xususiyati, og‘irlik darajasi, qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgani, shuningdek avvalgi xatti-harakatlari inobatga olinadi.

Akademik nohalollik holatlari aniqlangan taqdirda, Maktab ushbu Akademik halollik siyosati, Xulq-atvor kodeksi, O‘quvchi va Ota-onalar qo’llanmasi hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq tegishli pedagogik va intizomiy choralarni qo‘llashi mumkin.

INTIZOMIY CHORALAR

Haqiqiy xatolik

Agar o‘qituvchi topshirilgan ishda akademik nohalollik alomatlarini aniqlasa, u avvalo o‘quvchi bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazib, holatning sabablarini aniqlaydi.

Agar qoidabuzarlik akademik talablarni yetarli darajada bilmaslik, tajriba yetishmasligi yoki bexosdan yo‘l qo‘yilgan xatolik natijasida sodir etilganligi aniqlansa, o‘qituvchi o‘quvchiga akademik halollik qoidalari, manbalarga to‘g‘ri havola berish va akademik ishlarni rasmiylashtirish tartibini tushuntiradi.

Zarur hollarda ushbu holat akademik maslahatchi (Academic Advisor) yoki sinf rahbari ishtirokida qo‘shimcha ravishda muhokama qilinishi mumkin.

Akademik nohalollikning birinchi holati

Agar akademik nohalollik sodir etilganligi uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, o‘qituvchi bu haqda tegishli akademik bo‘lim rahbari yoki Maktab ma'muriyatini xabardor qiladi.

Holat o‘rganilib, o‘quvchiga o‘z tushuntirishlarini berish imkoniyati yaratiladi.

Agar akademik nohalollik tasdiqlansa va bu o‘quvchining birinchi qoidabuzarligi bo‘lsa:

  • o‘quvchiga yozma yoki og‘zaki ogohlantirish berilishi mumkin;
  • ota-ona (qonuniy vakil) holat haqida xabardor qilinadi;
  • zarur hollarda o‘quvchiga akademik halollik qoidalariga rioya qilgan holda topshiriqni qayta bajarish imkoniyati berilishi mumkin;
  • Maktabning Xulk-atvor kodeksi va Akademik halollik siyosati hujjatlariga muvofiq boshqa pedagogik choralar qo‘llanilishi mumkin.

Akademik nohalollikning takroran sodir etilishi

Agar o‘quvchi akademik nohalollikni takroran sodir etsa, Maktab tomonidan ichki tekshiruv o‘tkaziladi.

Tekshiruv davomida o‘quvchiga o‘z fikrini bildirish va tushuntirish berish imkoniyati yaratiladi, zarur hollarda ota-ona (qonuniy vakil) tekshiruv jarayoniga jalb qilinadi va barcha mavjud dalillar va holatlar har tomonlama baholanadi.

Qoidabuzarlik tasdiqlangan taqdirda, Maktab qoidabuzarlikning xususiyati, og‘irlik darajasi, takroriyligi hamda o‘quvchining yoshi va boshqa holatlarni inobatga olgan holda Xulk-atvor kodeksi va ushbu Akademik halollik siyosatiga muvofiq tegishli intizomiy choralarni qo‘llashi mumkin.

Imtihon ishlari bilan bog‘liq akademik nohalollik

Agar ichki yoki tashqi baholash uchun tayyorlangan yozma ish, loyiha yoki boshqa baholash materiallarida akademik nohalollik alomatlari yakuniy tasdiqlashdan oldin aniqlansa, Maktab o‘quvchidan ishni akademik halollik talablariga muvofiq qayta tayyorlashni talab qilishi mumkin.

Bunday ish Maktab tomonidan belgilangan nazorat tartibiga muvofiq bajariladi.

Xalqaro va tashqi imtihonlar

Agar akademik nohalollik boshqa tashqi baholash tashkilotlari tomonidan aniqlansa, tegishli masala ushbu tashkilotlarning amaldagi qoidalari va tartiblariga muvofiq ko‘rib chiqiladi.

Bunday hollarda o‘quvchiga nisbatan tegishli baholash tashkiloti tomonidan belgilangan choralar qo‘llanilishi mumkin, jumlada ishni haqiqiy emas deb toppish, bahoni bekor qilish, tegishli fan yoki baholash natijasini hisobga olmaslik va/yoki xalqaro baholash tashkilotining amaldagi qoidalarida nazarda tutilgan boshqa choralar.

Boshqa oqibatlar

Akademik nohalollikning og‘ir yoki takroriy holatlarida Maktab Xulk-atvor kodeksi, O‘quvchi va Ota-onalar qo’llanmasi, Ta'lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq qo‘shimcha pedagogik yoki intizomiy choralarni, jumladan ogohlantirish, sinov muddati, vaqtincha chetlashtirish yoki alohida hollarda o‘qishdan chiqarish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.

Agar qonunchilikda yoki xalqaro baholash tashkilotlari qoidalarida nazarda tutilgan bo‘lsa, Maktab tegishli ma'lumotlarni vakolatli tashkilotlarga yoki ta'lim muassasalariga taqdim etishi mumkin.

IZOH

Akademik nohalollik holatlari har doim alohida tartibda ko‘rib chiqiladi. Shu sababli akademik nohalollik alomatlari aniqlangan yoki bunday holat yuzasidan asosli shubha mavjud bo‘lgan taqdirda, tegishli o‘qituvchi bu haqda Maktab ma'muriyatining vakolatli xodimini xabardor qiladi.

Maktab tomonidan tayinlangan vakolatli shaxs yoki tegishli akademik qo‘mita barcha mavjud dalillarni o‘rganib chiqadi, o‘quvchining tushuntirishlarini eshitadi hamda ushbu Akademik halollik siyosati, O‘quvchi va Ota-onalar qo’llanmasi, Xulk-atvor kodeksi va Maktabning boshqa ichki hujjatlariga muvofiq tegishli qaror qabul qiladi.

Tashqi baholash, xalqaro baholash yoki moderatsiya uchun taqdim etiladigan barcha ishlar bo‘yicha o‘quvchilar ushbu ish o‘zlarining mustaqil mehnati natijasi ekanligini hamda foydalanilgan barcha manbalar va ko‘rsatilgan yordam belgilangan tartibda ko‘rsatilganligini tasdiqlashlari shart.

O‘qituvchilar esa baholash yoki moderatsiya uchun taqdim etiladigan ishlar amaldagi akademik talablar va baholash qoidalariga muvofiq bajarilganligi hamda, o‘zlarining professional fikriga ko‘ra, mazkur ish o‘quvchining mustaqil mehnati natijasi ekanligini tasdiqlaydilar.

Agar ish boshqa xalqaro baholash tashkilotlariga taqdim etiladigan bo‘lsa, tegishli tashkilotlarning akademik halollik va autentifikatsiya (authentication) bo‘yicha amaldagi qoidalari qo‘llaniladi. Ayrim tartib-taomillar baholash tashkilotiga qarab farq qilishi mumkin, biroq barcha hollarda asosiy tamoyil o‘quvchining mustaqil akademik faoliyatini ta'minlash va akademik halollikni saqlashdan iborat bo‘ladi.

SIYOSATGA O‘ZGARTISH KIRITISH

Maktab amaldagi qonunchilik, ta’lim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar yoki Maktab faoliyatidagi o‘zgarishlar munosabati bilan ushbu Siyosatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega.

Ushbu Siyosatning yangi tahriri Maktab ijrochi direktori tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab kuchga kiradi.

Siyosatning amaldagi tahriri Maktabning rasmiy veb-saytida va (yoki) ota-onalar uchun boshqa rasmiy axborot kanallarida e’lon qilinadi.

Otaona (qonuniy vakil) ushbu Siyosat bilan tanishish va undagi o‘zgartirishlardan xabardor bo‘lib borish uchun mas’ul hisoblanadi.