AMERICAN INTERNATIONAL SCHOOL OF TASHKENT

DAVOMAT SIYOSATI

MAQSAD

Ushbu siyosat maktab, o‘quvchilar, ota-onalar va keng jamoatchilik o‘rtasida muntazam davomatni ta’minlash bo‘yicha umumiy mas’uliyatni belgilaydi. Uning maqsadi har bir o‘quvchining muntazam va o‘z vaqtida maktabga qatnashini ta’minlash orqali uning o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishiga ko‘maklashish, shuningdek davomat bilan bog‘liq muammolarni hal etishda qo‘llab-quvvatlovchi va hamkorlikka asoslangan yondashuvni shakllantirishdan iborat.

Ushbu siyosatning amalga oshirilishi, shu jumladan davomatni monitoring qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha umumiy mas’uliyat vazifasida faoliyat yurituvchi administrasiya xodimi zimmasiga yuklatilgan.

ASOSLANTIRISH

Muntazam davomat o‘quvchilarning ta’limdagi muvaffaqiyati va ijtimoiy rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Ushbu siyosat davomatga ustuvor ahamiyat beriladigan va butun maktab jamoasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yuqori talablar madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.

ASOSIY TAMOILLAR

Umumiy mas’uliyat: Davomatni yaxshilash maktab, o‘quvchilar, ota-onalar (qonuniy vakillar) va tashqi hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni talab qiladi.

Ijobiy maktab muhiti: Maktab o‘quvchilarni muntazam qatnashishga rag‘batlantiradigan mehmondo‘st va qiziqarli muhitni ta’minlaydi.

Aniq muloqot: Maktab, ota-onalar va o‘quvchilar o‘rtasida davomatga oid talablar va tartib-taomillar bo‘yicha ochiq va shaffof axborot almashinuvi ta’minlanadi.

Erta aralashuv: Davomati yomonlashish xavfi mavjud bo‘lgan o‘quvchilarni o‘z vaqtida aniqlash va ular bilan ishlash orqali uzoq muddatli dars qoldirish holatlarining oldi olinadi.

VAZIFALAR VA MAJBURIYATLAR

Maktabning majburiyatlari

Davomatni rag‘batlantirish: Maktab muntazam va o‘z vaqtida qatnashishning ahamiyatini yig‘ilishlar, axborot byulletenlari, oilalar bilan uchrashuvlar orqali faol targ‘ib qiladi. Bu talablar Ota-onalar/O‘quvchilar uchun qo‘llanmada ham bayon etilgan.

Monitoring: Davomat har kuni ikki marta qayd etiladi va dars qoldirish holatlaridagi tendensiyalarni aniqlash maqsadida muntazam tahlil qilib boriladi.

Aralashuv: Davomati pasayayotgan o‘quvchilarga nisbatan erta aralashuv choralari qo‘llaniladi. Bunday choralarga uyga elektron xatlar yoki rasmiy xatlar yuborish, ota-onalar bilan uchrashuvlar o‘tkazish hamda individual qo‘llab-quvvatlash rejalarini ishlab chiqish kiradi.

Oilalarni qo‘llab-quvvatlash: Maktab muntazam davomatga to‘sqinlik qilayotgan muammolarga duch kelgan oilalarga maslahat va yordam ko‘rsatadi. Bunday yordam tarbiyaviy qo‘llab-quvvatlash, psixologik maslahat berish va zarur hollarda tashqi tashkilotlarga yo‘naltirishni o‘z ichiga oladi.

Yaxshi davomatni e’tirof etish: Muntazam davomat ota-onalarga taqdim etiladigan yillik hisobotlarda ijobiy baholash orqali rag‘batlantiriladi.

OTA-ONALAR (QONUNIY VAKILLAR)NING MAJBURIYATLARI

Muntazam davomatni ta’minlash: Ota-onalar (qonuniy vakillar) farzandlarining maktabga muntazam va o‘z vaqtida qatnashishini ta’minlashlari lozim.

Dars qoldirish haqida xabar berish: O‘quvchi darsga kelmagan birinchi kuniyoq maktabni xabardor qilishlari va dars qoldirish sababini ma’lum qilishlari lozim. Uzoq muddatli dars qoldirish holatlarida qo‘shimcha ma’lumotlar, jumladan tibbiy ma’lumotlar taqdim etilishi talab etiladi.

Hamkorlik: Davomat bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda maktab bilan hamkorlik qilishlari va zarur hollarda belgilangan uchrashuvlarda ishtirok etishlari lozim.

Darsdan ozod qilishni so‘rash: Ota-onalar birinchi navbatda maktab ofisiga elektron pochta orqali murojaat qilishlari lozim. Mazkur murojaat tasdiqlash uchun Maktab direktoriga yuboriladi. Maktab direktori qarorni (tasdiqlash yoki rad etish) bevosita ota-onalarga ma’lum qiladi hamda hisob uchun maktab ofisini nusxada qoldiradi.

O‘quv davrida ta’tildan saqlanish: Oilaviy ta’tillar maktab ta’tili davrida rejalashtirilishi lozim. O‘quv davrida darsdan ozod qilish to‘g‘risidagi so‘rovlar faqat istisno hollarda qanoatlantiriladi.

O‘QUVCHILARNING MAJBURIYATLARI

Davomat: Maktabga muntazam qatnashishlari, o‘z vaqtida kelishlari va ta’lim olishga tayyor bo‘lishlari lozim.

Qo‘llab-quvvatlashdan foydalanish: Agar davomatga ta’sir ko‘rsatayotgan muammolarga duch kelsalar, o‘qituvchilardan, o‘z bosqichi rahbaridan yordam so‘rashlari lozim.

Ijobiy munosabat: Muntazam davomat qadrlanadigan ijobiy maktab muhitini shakllantirishga hissa qo‘shishlari lozim.

DAVOMAT TARTIB-TAOMILLARI

Kunlik davomat monitoringi

Qayd etish: O‘qituvchilar har kuni davomatni qayd etadilar. Barcha dars qoldirish holatlari qayd qilinib, ular ruxsat etilgan (masalan, kasallik kabi asosli sabablar bilan) yoki ruxsat etilmagan (asosli sababsiz) dars qoldirish sifatida tasniflanadi.

O‘quv kuni: Maktabning o‘quv kuni soat 8:30 dan 15:40 gacha davom etadi. Ertalabgi davomat jurnali soat 9:00 da yopiladi.

Kechikib kelish: Rasmiy dars boshlanish vaqtidan keyin kelgan o‘quvchilar kechikkan deb belgilanadi va maktabning qabulxonasida ro‘yxatdan o‘tishlari shart.

Dars qoldirish haqida xabar berish

    • Ota-onalar (qonuniy vakillar) farzandining darsga kelmagan birinchi kuniyoq telefon yoki elektron pochta orqali maktabni xabardor qilishlari hamda dars qoldirish sababini tushuntirishlari shart. Agar maktab xabardor qilinmagan bo‘lsa, maktab zudlik bilan ushbu holatni aniqlash choralarini ko‘radi (maqsad — soat 10:30 gacha ota-ona yoki qonuniy vakil bilan bog‘lanish).
  • Kundalik masalalar bo‘yicha ota-onalar (qonuniy vakillar) maktab ofisiga +998 55 504 0777 telefon raqami yoki ibrakhim.atakhan@aistashkent.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilishlari lozim.
    • Agar ota-onalar (qonuniy vakillar) davomat bilan bog‘liq kengroq tashvishlarga ega bo‘lsalar, quyidagi shaxslarga murojaat qilishlari mumkin:
      • Tyutor yoki sinf o‘qituvchisiga;
      • Sinf rahbari;
      • Davomat bo‘yicha umumiy mas’ul shaxs — Ibrakhim Atakhanov.

Ruxsat etilgan va ruxsat etilmagan dars qoldirish holatlari

Ruxsat etilgan dars qoldirishlar: kasallik, tibbiy qabullar (shifokor ko‘rigi), oilaviy favqulodda holatlar.

Ruxsat etilmagan dars qoldirishlar: sababi tushuntirilmagan dars qoldirishlar yoki maktab tomonidan asosli deb qabul qilinmagan sabablarga ko‘ra dars qoldirishlar.

O‘quv davridagi ta’tillar: oilaviy ta’til — kelishilgan yoki oilaviy ta’til — kelishilmagan.

DAVOMAT BILAN BOG‘LIQ CHORA-TADBIRLAR

Erta aralashuv

95%–90% davomat: Agar o‘quvchining davomati 95% dan 90% gacha pasaysa, ota-onalarga davomat bilan bog‘liq muammolar haqida elektron pochta orqali xabar beriladi yoki ular uchrashuvga taklif etiladi. Davomat bilan bog‘liq masalalar Maktab elektron tizimida qayd etiladi.

Doimiy dars qoldirish

Agar o‘quvchining davomati 90% dan pastga tushsa, u «doimiy dars qoldiruvchi» sifatida tasniflanadi.

Bunday hollarda maktab rasmiy choralar ko‘rish jarayonini boshlaydi, ular quyidagilarni o‘z ichiga olishi mumkin.

Choralarni kuchaytirish

Agar amalga oshirilgan aralashuv choralariga qaramay davomat yaxshilanmasa, maktab qo‘shimcha choralarni ko‘rib chiqishi mumkin, jumladan tashqi tashkilotlar va vakolatli idoralarni jalb etishi mumkin.

Rag‘batlantirish va e’tirof etish

Maktab yig‘inlar (assambleyalar) hamda Maktab direktori tomonidan ota-onalarga yuboriladigan axborot xatlari orqali maktab jamoasi o‘rtasida yuqori davomatning ahamiyatini targ‘ib qiladi.

Yil yakunidagi hisobotlarga o‘quvchilarning davomat ko‘rsatkichlari kiritiladi.

Tashqi tashkilotlar bilan hamkorlik qilish

Maktab o‘quvchining davomatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillarni bartaraf etish maqsadida tashqi tashkilotlar, jumladan ta’lim sohasidagi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xizmatlari, sog‘liqni saqlash mutaxassislari bilan hamkorlik qiladi.

SIYOSATGA O‘ZGARTISH KIRITISH

Maktab amaldagi qonunchilik, ta’lim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar yoki Maktab faoliyatidagi o‘zgarishlar munosabati bilan ushbu Siyosatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega.

Ushbu Siyosatning yangi tahriri Maktab ijrochi direktori tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab kuchga kiradi.

Siyosatning amaldagi tahriri Maktabning rasmiy veb-saytida va (yoki) ota-onalar uchun boshqa rasmiy axborot kanallarida e’lon qilinadi.

Otaona (qonuniy vakil) ushbu Siyosat bilan tanishish va undagi o‘zgartirishlardan xabardor bo‘lib borish uchun mas’ul hisoblanadi.