O‘QUVCHILARNING XULQ-ATVOR KODEKSI
Toshkent – 2026
MUQADDIMA
American International School of Tashkent (keyingi o‘rinlarda – Maktab) o‘quvchilarning akademik, intellektual, ma'naviy, axloqiy, ijtimoiy va jismoniy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan xavfsiz, inklyuziv va hurmatga asoslangan ta'lim muhitini yaratishga intiladi.
Mazkur O‘quvchilarning xulq-atvor kodeksi (Qoidalar) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining "Ta'lim to‘g‘risida"gi Qonuni, "Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonuni, boshqa amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar hamda Maktabning ichki normativ hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Mazkur hujjat Maktab hamjamiyatining barcha a'zolari uchun o‘zaro hurmat, halollik, mas'uliyat, bag‘rikenglik va xavfsizlik tamoyillariga asoslangan xulq-atvor standartlarini belgilaydi hamda Maktabda sog‘lom, qo‘llab-quvvatlovchi va samarali ta'lim muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Maktab har bir o‘quvchining o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun ijobiy rag‘batlantirish, shaxsiy mas'uliyatni rivojlantirish va o‘zaro hamkorlik tamoyillariga asoslangan tarbiyaviy yondashuvni qo‘llaydi. Shu bilan birga, har bir o‘quvchi o‘z xatti-harakatlari uchun shaxsan javobgar ekanligini hamda Maktabning ichki qoidalariga rioya etishi zarurligini anglaydi.
Mazkur Qoidalar Maktab hududida, Maktab tomonidan tashkil etilgan barcha ta'lim, tarbiyaviy, sport, madaniy va ijtimoiy tadbirlar davomida, shuningdek Maktab nomidan amalga oshiriladigan safarlar, ekskursiyalar, musobaqalar, onlayn ta'lim jarayoni hamda Maktab bilan bog‘liq boshqa faoliyatlarda barcha o‘quvchilar uchun majburiy hisoblanadi.
Mazkur hujjat O‘quvchi va Ota-onalar qo’llanmasi, Akademik qoʻllanma, Axborot texnologiyalari va raqamli resurslardan maqbul foydalanish siyosati, Аxborot texnologiyalaridan maqbul foydalanish siyosati hamda Maktabning boshqa ichki normativ hujjatlari bilan uzviy bog‘liq holda qo‘llaniladi.
Har bir o‘quvchi Maktabning obro‘si va qadriyatlarini hurmat qilishi, o‘zining xulq-atvori orqali Maktab hamjamiyatiga ijobiy hissa qo‘shishi hamda Maktab ichida va undan tashqarida o‘zini mas'uliyatli, odobli va hurmatli shaxs sifatida tutishi kutiladi.
PEDAGOG XODIMLARDAN KUTILADIGAN XULQ-ATVOR STANDARTLARI
Maktab pedagog xodimlari Maktabning missiyasi, qadriyatlari va ta'lim falsafasini amalda namoyon etishlari hamda o‘quvchilar uchun professional, xavfsiz, inklyuziv va qo‘llab-quvvatlovchi ta'lim muhitini yaratishlari kutiladi.
Pedagog xodimlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, Maktabning ichki normativ hujjatlari, Akademik qoʻllanma va boshqa tegishli siyosatlarga rioya etishlari shart.
Pedagog xodimlardan quyidagilar kutiladi:
- kasbiy etika va pedagogik odob-axloq me'yorlariga rioya qilish;
- Maktabning missiyasi, qadriyatlari va ichki siyosatlariga sodiq bo‘lish;
- darslarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, o‘quv mashg‘ulotlarini o‘z vaqtida boshlash va samarali tashkil etish;
- xavfsiz, hurmatga asoslangan, inklyuziv va ijobiy ta'lim muhitini yaratish;
- o‘quvchilarning akademik, ijtimoiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash;
- o‘quvchilarning yutuqlari, sa'y-harakatlari va ijobiy xulq-atvorini rag‘batlantirish;
- sinfda intizomni hurmat, adolat, xolislik va o‘quvchining sha'nini kamsitmagan holda ta'minlash;
- o‘z xulq-atvori bilan o‘quvchilar uchun ijobiy namuna bo‘lish;
- ota-onalar (qonuniy vakillar) bilan ochiq, professional va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotni yo‘lga qo‘yish;
- o‘quvchilarning o‘quv jarayonidagi rivojlanishi to‘g‘risida ota-onalarni Maktab tomonidan belgilangan tartibda xabardor qilib borish;
- o‘z kasbiy malakasini muntazam ravishda oshirib borish va zamonaviy pedagogik yondashuvlardan foydalanish;
- o‘quvchilarning huquqlari, qadr-qimmati va shaxsiy daxlsizligini hurmat qilish;
- Maktabning obro‘si va ijobiy imijini saqlash hamda rivojlantirishga hissa qo‘shish.
OTA-ONALAR (QONUNIY VAKILLAR)DAN KUTILADIGAN HAMKORLIK STANDARTLARI
Maktab ta'lim jarayonining muvaffaqiyati Maktab, o‘quvchi va ota-ona (qonuniy vakil) o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, ishonch va hamkorlikka asoslangan munosabatlarga bog‘liq deb hisoblaydi.
Maktab ota-onalarni farzandlarining ta'lim jarayonidagi eng muhim hamkor sifatida e'tirof etadi hamda ularning Maktab hayotidagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlaydi.
Ota-onalar (qonuniy vakillar) O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, Maktabning ichki normativ hujjatlari hamda farzandining manfaatlarini hisobga olgan holda Maktab bilan samarali hamkorlik qilishlari kutiladi.
Ota-onalardan (qonuniy vakillardan) quyidagilar kutiladi:
- farzandining Maktabning O‘quvchi va Ota-onalar qo’llanmasi, Xulk-atvor kodeksi va boshqa tegishli ichki hujjatlar bilan tanishishi hamda ularga rioya etishini qo‘llab-quvvatlash;
- farzandining Maktabga muntazam va o‘z vaqtida qatnashishini ta'minlash;
- farzandining Maktabning kiyinish qoidalari va boshqa ichki talablariga rioya etishiga ko‘maklashish;
- farzandining o‘quv jarayoni, uy vazifalari, akademik rivojlanishi va Maktab hayotidagi ishtirokiga muntazam qiziqish bildirish;
- farzandini sport, madaniy-ma'rifiy, ijtimoiy va boshqa maktab tadbirlarida faol ishtirok etishga rag‘batlantirish;
- farzandida mas'uliyat, mustaqillik, halollik, hurmat va o‘zini o‘zi boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash;
- farzandining sog‘lig‘i, psixologik holati, oilaviy vaziyatidagi muhim o‘zgarishlar yoki uning ta'lim jarayoniga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan boshqa holatlar haqida Maktabni o‘z vaqtida xabardor qilish;
- Maktab xodimlari bilan ochiq, hurmatli va konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish;
- Maktab tomonidan tashkil etiladigan ota-onalar yig‘ilishlari, maslahatlashuvlar va boshqa uchrashuvlarda imkon qadar ishtirok etish;
- Maktabning tarbiyaviy va intizomiy yondashuvlarini qo‘llab-quvvatlash hamda muammolarni Maktab bilan hamkorlikda hal etishga intilish;
- Maktab hududida va Maktab bilan bog‘liq tadbirlar davomida boshqa o‘quvchilar, ota-onalar, pedagog xodimlar va Maktab xodimlariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish;
- Maktabning obro‘si va ijobiy ta'lim muhitini saqlashga hissa qo‘shish.
Maktab, o‘z navbatida, ota-onalar (qonuniy vakillar) bilan muntazam axborot almashish, o‘quvchining rivojlanishi to‘g‘risida xolis ma'lumot taqdim etish hamda ularning murojaatlarini belgilangan tartibda ko‘rib chiqishni ta'minlaydi.
O‘QUVCHILARDAN KUTILADIGAN XULQ-ATVOR STANDARTLARI
Maktab har bir o‘quvchidan Maktabning qadriyatlari, missiyasi va ta'lim falsafasiga mos ravishda mas'uliyatli, hurmatli va halol xulq-atvor namoyon etishini kutadi.
Har bir o‘quvchi Maktab hamjamiyatining muhim a'zosi hisoblanadi hamda o‘zining xatti-harakatlari orqali xavfsiz, inklyuziv va samarali ta'lim muhitini yaratishga hissa qo‘shishi kutiladi.
O‘quvchilardan quyidagilar kutiladi:
- Maktabning qadriyatlari va obro‘sini hurmat qilish hamda Maktab ichida va undan tashqarida o‘zini mas'uliyatli tutish;
- barcha o‘quvchilar, pedagog xodimlar, Maktab xodimlari, ota-onalar (qonuniy vakillar) va tashrif buyuruvchilarga nisbatan hurmat, xushmuomalalik, bag‘rikenglik va hamjihatlikni namoyon etish;
- barcha vaziyatlarda halollik, vijdonlilik, mas'uliyat va o‘zini o‘zi boshqarish tamoyillariga amal qilish;
- o‘zining akademik, ijodiy, sport va shaxsiy salohiyatini rivojlantirish uchun faol harakat qilish hamda Maktab tomonidan taklif etiladigan imkoniyatlardan oqilona foydalanish;
- O‘quvchi va Ota-onalar qo’llanmasi, Xulk-atvor kodeksi, Akademik qoʻllanma hamda Maktabning boshqa ichki normativ hujjatlariga rioya qilish;
- belgilangan kiyinish qoidalari va shaxsiy gigiyena talablariga rioya qilish;
- Maktab mulki, jihozlari, o‘quv resurslari hamda boshqa shaxslarning mol-mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish;
- o‘z xatti-harakatlari uchun shaxsan javobgar bo‘lish, boshqalarning huquqlari, qadr-qimmati va xavfsizligini hurmat qilish;
- Maktabdagi rahbarlik yoki vakillik vazifalarini bajarayotgan o‘quvchilarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, shuningdek bunday vakolat berilgan taqdirda undan adolatli, mas'uliyatli va halol foydalanish;
- barcha o‘quv topshiriqlari, loyihalar va uy vazifalarini belgilangan muddatlarda hamda o‘zining bilim va imkoniyatlaridan kelib chiqib mustaqil bajarishga intilish;
- Maktabning sport, madaniy-ma'rifiy, ijtimoiy va boshqa qo‘shimcha faoliyatlarida faol ishtirok etishga intilish;
- Maktabning nufuzi va ijobiy obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatlardan tiyilish;
- darslar va Maktab tadbirlariga o‘z vaqtida kelish hamda belgilangan kun tartibiga rioya qilish;
- Maktab tomonidan qo‘llaniladigan tarbiyaviy va intizomiy choralarni o‘z xatti-harakatlarini yaxshilashga qaratilgan ta'limiy jarayonning bir qismi sifatida qabul qilish;
- bilim olishga ijobiy munosabatda bo‘lish, muntazam o‘qish va shaxsiy rivojlanishga intilish;
- Maktab hududi, sinf xonalari va umumiy foydalanish joylarida tozalikni saqlash hamda atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish;
- Maktabning Axborot texnologiyalaridan maqbul foydalanish siyosati, Akademik halollik siyosati va boshqa tegishli ichki hujjatlariga rioya qilish.
O‘quvchilardan o‘z xulq-atvori orqali Maktab hamjamiyatida o‘zaro hurmat, ishonch, xavfsizlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash hamda Maktabning ijobiy nufuzini saqlashga munosib hissa qo‘shishlari kutiladi.
O‘QUVCHILARNING HUQUQLARI
Maktab har bir o‘quvchining huquqlari, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlarini hurmat qiladi hamda ularni himoya qilishni o‘z faoliyatining muhim tamoyillaridan biri deb hisoblaydi.
Har bir o‘quvchi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan tamoyillarida hamda Maktabning ichki normativ hujjatlarida belgilangan huquqlardan foydalanadi.
Har bir o‘quvchi quyidagi huquqlarga ega:
- xavfsiz, sog‘lom, toza, tartibli va qo‘llab-quvvatlovchi ta'lim muhitida ta'lim olish;
- boshqa shaxslarning noqonuniy aralashuvi, zo‘ravonligi, qo‘rqitishi yoki ta'lim jarayoniga xalaqit beruvchi harakatlaridan xoli muhitda o‘qish;
- sifatli ta'lim olish hamda o‘z bilim, ko‘nikma va salohiyatini rivojlantirish;
- shaxsiy qadr-qimmati hurmat qilinishi va adolatli, xolis hamda hurmat bilan munosabatda bo‘linishi;
- ta'lim jarayonida zarur o‘quv resurslari, axborot manbalari va Maktab infratuzilmasidan belgilangan tartibda foydalanish;
- tartibli va samarali ta'lim muhitida bilim olish;
- Maktabning Behaviour Policy va boshqa ichki hujjatlariga muvofiq adolatli, shaffof va izchil intizomiy yondashuv qo‘llanilishini kutish;
- Maktab faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘z fikrini hurmat bilan va belgilangan tartibda erkin bildirish hamda tinglanish;
- pedagog xodimlar, Maktab xodimlari va boshqa o‘quvchilar tomonidan xushmuomalalik, hurmat va insoniy qadr-qimmat asosida munosabat ko‘rilishi;
- jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik, kamsitish, tahqirlash, ekspluatatsiya, beparvolik, bullying va cyberbullyingning barcha shakllaridan himoyalanish;
- jinsi, irqi, millati, tili, dini, e'tiqodi, madaniyati, nogironligi, sog‘lig‘i, ijtimoiy kelib chiqishi yoki boshqa belgilaridan qat'i nazar teng imkoniyatlardan foydalanish va kamsitilmaslik;
- inklyuziv va o‘zaro hurmatga asoslangan ta'lim muhitida o‘qish;
- shaxsiy hayoti, shaxsiy ma'lumotlari va maxfiyligining Maktabning tegishli siyosatlari hamda amaldagi qonunchilikka muvofiq himoya qilinishini kutish;
- ta'lim jarayonida zarur bo‘lgan akademik, psixologik va pedagogik qo‘llab-quvvatlash xizmatlaridan foydalanish;
- Maktabning belgilangan tartib-taomillariga muvofiq murojaat, taklif yoki shikoyat bilan chiqish hamda uning xolis ko‘rib chiqilishini kutish;
- o‘z qobiliyatlari, qiziqishlari va ehtiyojlariga mos ravishda akademik, sport, madaniy va ijtimoiy faoliyatlarda ishtirok etish;
- o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlarga ega bo‘lish.
Mazkur huquqlarni amalga oshirish boshqa o‘quvchilar, pedagog xodimlar va Maktab hamjamiyatining boshqa a'zolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish tamoyili asosida amalga oshiriladi.
MAKTAB QOIDALARI
Umumiy qoidalar
Mazkur Maktab qoidalari Maktab hududida xavfsiz, tartibli, hurmatga asoslangan va samarali ta'lim muhitini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Ushbu qoidalar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi hamda Maktabning ichki normativ hujjatlariga muvofiq qo‘llaniladi.
Mazkur qoidalar barcha o‘quvchilar uchun Maktab hududida, Maktab tomonidan tashkil etilgan barcha tadbirlar, sport musobaqalari, ekskursiyalar, ta'lim safarlari, onlayn ta'lim jarayoni hamda Maktab nomidan amalga oshiriladigan boshqa faoliyatlar davomida majburiy hisoblanadi.
Maktab qoidalari quyidagi hujjatlar bilan uzviy bog‘liq holda qo‘llaniladi: Xulq-atvor kodeksi, O‘quvchi va Ota-onalar qo’llanmasi, Akademik qoʻllanma, Akademik halollik siyosati va boshqa tegishli ichki hujjatlar.
Har bir o‘quvchi mazkur qoidalar bilan tanishishi va ularga rioya qilishi shart.
Maktab zarurat tug‘ilganda mazkur qoidalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega. Bunday o‘zgartirishlar o‘quvchilar, ota-onalar (qonuniy vakillar) va Maktab xodimlariga Maktabning rasmiy aloqa vositalari orqali o‘z vaqtida yetkaziladi.
MAKTAB HAMJAMIYATINING ASOSIY TAMOYILLARI
Maktab o‘z faoliyatini o‘zaro hurmat, halollik, mas'uliyat, bag‘rikenglik, hamkorlik va uzluksiz rivojlanish tamoyillari asosida tashkil etadi. Har bir o‘quvchi ushbu qadriyatlarni kundalik xulq-atvori, o‘qishga bo‘lgan munosabati va Maktab hayotidagi ishtiroki orqali namoyon etishi kutiladi.
Maktab hamjamiyatining har bir a'zosi quyidagi tamoyillarga amal qilishi kutiladi:
- Maktabning qadriyatlari, missiyasi va obro‘sini hurmat qilish hamda Maktab ichida va undan tashqarida o‘zini mas'uliyatli va munosib tutish;
- barcha o‘quvchilar, pedagog xodimlar, Maktab xodimlari va tashrif buyuruvchilarga nisbatan hurmat, xushmuomalalik, bag‘rikenglik va hamjihatlikni namoyon etish;
- akademik, sport, madaniy, ijodiy, ijtimoiy va ko‘ngillilik faoliyatlarida imkon qadar faol ishtirok etish hamda o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga intilish;
- xavfsiz, tartibli va ijobiy ta'lim muhitini saqlashga o‘z hissasini qo‘shish, Maktab qoidalari buzilgan yoki boshqa o‘quvchilarning xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlar haqida tegishli pedagog xodimga o‘z vaqtida xabar berish;
- Maktabning nufuzi, qadriyatlari va ijobiy imijini saqlash hamda rivojlantirishga hissa qo‘shish;
- O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, jamiyatda mas'uliyatli, halol va faol fuqaro sifatida shakllanishga intilish;
- Maktab hamjamiyatining boshqa a'zolarining huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hurmat qilish hamda ijobiy va inklyuziv ta'lim muhitini mustahkamlashga ko‘maklashish.
Maktab ushbu tamoyillarni o‘quvchilarning akademik muvaffaqiyati, shaxsiy rivojlanishi va fuqarolik mas'uliyatini shakllantirishning muhim asosi deb hisoblaydi.
XAVFSIZLIK VA HIMOYA
Maktab barcha o‘quvchilar, pedagog xodimlar, boshqa xodimlar, ota-onalar (qonuniy vakillar), tashrif buyuruvchilar hamda Maktab mulkining xavfsizligi va himoyasini o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb hisoblaydi.
Har bir Maktab hamjamiyati a'zosi xavfsiz, hurmatga asoslangan va qo‘llab-quvvatlovchi ta'lim muhitini yaratish hamda uni saqlashga hissa qo‘shishi kutiladi.
Shu munosabat bilan quyidagi talablar amal qiladi:
- Maktab hududiga yoki Maktab tomonidan tashkil etilgan har qanday tadbirga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida taqiqlangan qurol, portlovchi moddalar, pirotexnika vositalari, xavfli buyumlar yoki boshqa shaxslarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan har qanday predmetlarni olib kirish qat'iyan taqiqlanadi.
- Ta'lim jarayonida foydalaniladigan asbob-uskunalar, laboratoriya jihozlari yoki boshqa maxsus vositalardan faqat tegishli pedagog xodimning nazorati ostida va belgilangan xavfsizlik qoidalariga rioya etgan holda foydalanishga ruxsat etiladi.
- Hech bir o‘quvchi yoki Maktab xodimi boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i, psixologik farovonligi yoki Maktab mulkiga xavf tug‘diradigan harakatlarni sodir etmasligi kerak.
- Har qanday tahdid, zo‘ravonlik, bullying, cyberbullying, bezorilik, vandalizm, noqonuniy xatti-harakatlar yoki xavfsizlikka tahdid soluvchi holatlar darhol tegishli pedagog xodimga yoki Maktab ma'muriyatiga xabar qilinishi lozim.
- Favqulodda vaziyatlarda barcha o‘quvchilar va Maktab xodimlari Maktabning tegishli ichki hujjatlar talablariga rioya qilishlari shart.
Maktab hududida videokuzatuv tizimlari, kirishni nazorat qilish tizimlari va boshqa xavfsizlik choralaridan amaldagi qonunchilik hamda Maktabning ichki siyosatlariga muvofiq foydalanilishi mumkin.
Maktab mulkiga qasddan zarar yetkazish, xavfsizlik vositalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki favqulodda vaziyatlar uchun mo‘ljallangan jihozlarni asossiz ishga tushirish intizomiy choralar qo‘llanilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mazkur bo‘lim Maktabning tegishli ichki normativ hujjatlari bilan birgalikda qo‘llaniladi.
BULLYING, KIBERBULLYING VA HAZING (TAHQIRLOVCHI "BAG‘ISHLASH" MAROSIMLARI)
Maktab har bir o‘quvchi uchun xavfsiz, hurmatga asoslangan va inklyuziv ta'lim muhitini ta'minlashga intiladi.
Maktab bullying, kiberbullying, hazing (tahqirlovchi yoki xo‘rlovchi "bag‘ishlash" marosimlari), zo‘ravonlik, qo‘rqitish, tahdid qilish, kamsitish hamda o‘quvchining sha'ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi har qanday xatti-harakatlarga nisbatan mutlaqo murosasiz yondashuvni qo‘llaydi.
Quyidagilar taqiqlanadi:
- jismoniy bullying;
- og‘zaki haqorat qilish, masxara qilish yoki tahqirlash;
- ijtimoiy chetlatish yoki ataylab yolg‘izlatish;
- kiberbullying, jumladan internet, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar yoki boshqa raqamli platformalar orqali haqorat qilish, tahdid qilish yoki obro‘ga putur yetkazish;
- hazing yoki o‘quvchini guruhga qabul qilish, sinovdan o‘tkazish yoki "bag‘ishlash" bahonasida uning sha'ni, qadr-qimmati, sog‘lig‘i yoki xavfsizligiga zarar yetkazuvchi har qanday harakat;
- boshqa o‘quvchini bunday harakatlarda ishtirok etishga majburlash yoki undash.
Bullying yoki hazing holatiga guvoh bo‘lgan har qanday o‘quvchi bu haqda imkon qadar tezroq pedagog xodimga, sinf rahbariga, psixologga, Safeguarding Leadga yoki Maktab ma'muriyatiga xabar berishi tavsiya etiladi.
Bullying yoki hazing bilan bog‘liq barcha murojaatlar Maktabning tegishli ichki normativ hujjatlariga muvofiq ko‘rib chiqiladi.
Maktab har bir murojaatni xolis, adolatli va imkon qadar maxfiy tarzda ko‘rib chiqadi hamda barcha ishtirokchilarning huquqlari va manfaatlarini hisobga olgan holda tegishli choralarni ko‘radi.
DAVOMAT VA O‘QUV JARAYONIDA ISHTIROK ETISH
Maktab muntazam davomat o‘quvchilarning akademik muvaffaqiyati va Maktab hayotidagi faol ishtirokining muhim sharti hisoblanadi.
Har bir o‘quvchidan quyidagilar kutiladi:
- darslar va Maktab tomonidan tashkil etilgan boshqa majburiy tadbirlarda muntazam ishtirok etish;
- Maktabga va barcha darslarga o‘z vaqtida kelish;
- darslar davomida Maktab hududini ruxsatsiz tark etmaslik;
- uzrli sabablarga ko‘ra dars qoldirilgan taqdirda, Maktabning belgilangan tartibiga muvofiq tegishli ma'lumotlarni taqdim etish;
- dars qoldirilgan mavzular va topshiriqlarni belgilangan muddatlarda mustaqil ravishda o‘zlashtirish.
Davomat, kechikishlar, uzrli va uzrsiz sabablarga ko‘ra dars qoldirish, Maktab hududidan vaqtincha chiqib ketish, imtihonlarni qoldirish, tibbiy ma'lumotnomalar taqdim etish hamda boshqa tegishli masalalar Davomat siyosati talablariga muvofiq tartibga solinadi.
MAKTABNING QO‘SHIMCHA TA'LIM VA TARBIYAVIY FAOLIYATLARIDA ISHTIROK ETISH
Maktab o‘quvchilarning har tomonlama rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi hamda ularning sport, madaniy, ijodiy, ilmiy, ijtimoiy va ko‘ngillilik faoliyatlarida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi.
Maktab tomonidan tashkil etiladigan qo‘shimcha faoliyatlar o‘quvchilarning liderlik, hamkorlik, mas'uliyat, muloqot va fuqarolik kompetensiyalarini rivojlantirishning muhim qismi hisoblanadi.
O‘quvchilardan quyidagilar kutiladi:
- o‘z qiziqishlari va qobiliyatlariga mos sport, madaniy, ilmiy yoki boshqa qo‘shimcha faoliyatlarda faol ishtirok etish;
- tanlangan to‘garak, jamoa yoki faoliyatda muntazam qatnashish hamda uning ichki qoidalariga rioya qilish;
- mashg‘ulotlar, musobaqalar, chiqishlar, tanlovlar va boshqa tadbirlarda mas'uliyat bilan ishtirok etish;
- jamoa a'zolari, murabbiylar, rahbarlar va boshqa ishtirokchilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish;
- Maktab nomidan ishtirok etiladigan barcha tadbirlarda Maktabning obro‘si va qadriyatlarini munosib namoyon etish;
- sport va boshqa faoliyatlar davomida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish;
- Maktab tomonidan tashkil etiladigan ijtimoiy loyihalar, xayriya va ko‘ngillilik tashabbuslarida imkon qadar faol ishtirok etish.
Ayrim sport, madaniy yoki boshqa qo‘shimcha faoliyatlar Maktabning o‘quv dasturi yoki ta'lim rejasiga muvofiq majburiy hisoblanishi mumkin. Bunday hollarda ishtirok etish tartibi, uzrli sabablar bilan ozod etish hamda davomat talablari Maktabning tegishli ichki normativ hujjatlarida belgilanadi.
KIYINISH QOIDALARI VA TASHQI KO‘RINISH
Maktab maktab formasini Maktabning korporativ madaniyati, o‘zaro tenglik, tartib-intizom va Maktabga mansublik ramzi sifatida e'tirof etadi.
O‘quvchilardan Maktab formasini ozoda, tartibli va hurmat bilan kiyish hamda Maktab ichida va undan tashqarida Maktab obro‘siga munosib xulq-atvor namoyon etish kutiladi.
Har bir o‘quvchi Maktab tomonidan tasdiqlangan forma va tashqi ko‘rinish talablariga rioya qilishi, shaxsiy gigiyena va ozodalikka amal qilishi, sport, laboratoriya mashg‘ulotlari yoki boshqa maxsus tadbirlar uchun belgilangan kiyimlardan foydalanishi, Maktab tomonidan belgilangan hollarda tantanali formani kiyishi va Maktab formasini va shaxsiy buyumlarini ehtiyotkorlik bilan saqlashi lozim.
O‘quvchilarning tashqi ko‘rinishi Maktabning xavfsizlik talablariga, ta'lim muhitiga va professional madaniyatiga mos bo‘lishi kerak.
QIMMATBAHO BUYUMLAR, MOBIL TELEFONLAR VA ELEKTRON QURILMALAR
Maktab raqamli texnologiyalardan mas'uliyatli, xavfsiz va ta'lim maqsadlariga muvofiq foydalanishni qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘quvchilardan quyidagilar kutiladi:
- mobil telefonlar, planshetlar, noutbuklar va boshqa elektron qurilmalardan faqat Maktab tomonidan belgilangan tartibda foydalanish;
- darslar, imtihonlar, yig‘ilishlar va Maktab tomonidan belgilangan boshqa tadbirlar davomida elektron qurilmalardan faqat pedagog xodimning ruxsati bilan foydalanish;
- Maktab hududida boshqa shaxslarning roziligisiz foto, audio yoki video yozuvlar qilmaslik;
- elektron qurilmalardan foydalanishda boshqa o‘quvchilarning ta'lim olish huquqi, shaxsiy hayoti va xavfsizligini hurmat qilish;
- o‘z elektron qurilmalari va shaxsiy buyumlarining xavfsiz saqlanishi uchun mas'ul bo‘lish.
- O‘quvchilarga Maktabga faqat zarur bo‘lgan qimmatbaho buyumlarni olib kelish tavsiya etiladi.
Maktab o‘quvchilarning shaxsiy buyumlari, pul mablag‘lari yoki elektron qurilmalarining yo‘qolishi, shikastlanishi yoki o‘g‘irlanishi uchun amaldagi qonunchilik va Maktabning ichki hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari javobgar hisoblanmaydi.
Elektron qurilmalar, sun'iy intellekt (AI), internet, ijtimoiy tarmoqlar, elektron pochta, Maktab tarmog‘i va boshqa raqamli texnologiyalardan foydalanish tartibi Axborot texnologiyalaridan maqbul foydalanish siyosati talablariga muvofiq belgilanadi.
KIRISH TAQIQLANGAN YOKI CHEKLANGAN HUDUDLAR
Maktab o‘quvchilar, xodimlar va tashrif buyuruvchilarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida ayrim hududlarga kirishni cheklashi yoki taqiqlashi mumkin.
O‘quvchilarga quyidagi hududlarga ruxsatsiz kirish taqiqlanadi:
- Maktab tomonidan belgilangan rasmiy kirish va chiqish joylaridan tashqari barcha kirish va chiqish nuqtalari;
- o‘quv kuni davomida Maktab hududidan tashqaridagi joylar, agar Maktab ma'muriyati tomonidan oldindan ruxsat berilmagan bo‘lsa;
- qurilish, ta'mirlash yoki texnik xizmat ko‘rsatilayotgan hududlar;
- faqat xodimlar foydalanishi uchun mo‘ljallangan xizmat xonalari, ofislar va boshqa xizmat hududlari;
- laboratoriyalar, ustaxonalar, sport inshootlari, basseyn, sahna, musiqa xonalari va boshqa maxsus o‘quv maydonlari pedagog xodim nazoratisiz;
- sinf xonalari va boshqa o‘quv binolari darsdan tashqari vaqtda, agar tegishli pedagog xodim tomonidan ruxsat berilmagan bo‘lsa;
- kiyinish xonalari va sanitariya xonalaridan ularning belgilangan maqsadidan tashqari foydalanish;
- faqat xodimlar uchun mo‘ljallangan sanitariya xonalari va boshqa xizmat hududlari;
- Maktab ma'muriyati tomonidan vaqtincha yoki doimiy ravishda kirish cheklangan deb e'lon qilingan boshqa hududlar.
O‘quvchilarga kirish va chiqish joylari, avtoturargohlar, yo‘laklar yoki transport harakati amalga oshiriladigan hududlarda sababsiz to‘planish yoki harakatlanishga xalaqit berish taqiqlanadi.
Xavfsizlik nuqtai nazaridan ayrim hududlarga kirish tartibi Maktab ma'muriyati tomonidan vaqtincha o‘zgartirilishi mumkin. Bunday o‘zgarishlar haqida o‘quvchilar va xodimlar oldindan xabardor qilinadi, favqulodda holatlar bundan mustasno.
YO‘QOLGAN VA UNUTILGAN BUYUMLAR
Maktab o‘quvchilarni o‘z shaxsiy buyumlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga va ular uchun shaxsan mas'ul bo‘lishga undaydi.
Shu munosabat bilan quyidagi qoidalar amal qiladi:
O‘quvchilarga shaxsiy buyumlari va Maktab formasining asosiy qismlariga ism-sharifini yozib qo‘yish tavsiya etiladi.
Topib olingan buyumlar Maktab tomonidan belgilangan maxsus ajratilgan joyiga topshirilishi lozim.
Yo‘qolgan buyum egasi tomonidan Maktab ma'muriyatiga yoki tegishli mas'ul xodimga imkon qadar tezroq ma'lum qilinishi tavsiya etiladi.
Egasi aniqlangan buyumlar imkon qadar tezroq unga qaytariladi.
Belgilangan muddat davomida talab qilib olinmagan buyumlar Maktab tomonidan belgilangan ichki tartibga muvofiq saqlanadi, xayriya maqsadlarida topshirilishi yoki boshqa qonuniy tartibda tasarruf etilishi mumkin.
Maktab yo‘qolgan yoki unutib qoldirilgan shaxsiy buyumlarni topishga ko‘maklashishga harakat qiladi, biroq amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollardan tashqari ularning yo‘qolishi, shikastlanishi yoki o‘g‘irlanishi uchun javobgar hisoblanmaydi.
O‘quvchilardan dars jarayonida unutib qoldirilgan buyumlarni olib kelish uchun ota-onalarini muntazam ravishda Maktabga chaqirmaslik hamda o‘z shaxsiy mas'uliyatini rivojlantirish kutiladi.
Mazkur bo‘lim Maktabning O‘quvchi va Ota-onalar qo’llanmasi va boshqa tegishli ichki hujjatlari bilan birgalikda qo‘llaniladi.
IMTIHONLAR VA BAHOLASH JARAYONIDA XULQ-ATVOR
Maktab baholash jarayonining adolatliligi, xolisligi va akademik halolligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratadi.
Imtihonlar, testlar va boshqa baholash shakllari davomida har bir o‘quvchi quyidagi talablarga rioya qilishi shart:
- akademik halollik tamoyillariga qat'iy amal qilish;
- nazoratchi yoki pedagog xodimning barcha qonuniy ko‘rsatmalariga rioya qilish;
- boshqa o‘quvchilarga xalaqit bermaslik hamda baholash jarayonining xolisligiga ta'sir ko‘rsatadigan har qanday harakatlardan tiyilish;
- ruxsat etilmagan materiallar, elektron qurilmalar yoki boshqa yordamchi vositalardan foydalanmaslik;
- baholash jarayonida boshqa o‘quvchilar bilan ruxsatsiz muloqot qilmaslik;
- baholash uchun ruxsat etilgan jihozlar va materiallardan faqat belgilangan tartibda foydalanish.
Akademik nohalollikning har qanday shakli, jumladan plagiat, ruxsat etilmagan yordamdan foydalanish, nusxa ko‘chirish, boshqa shaxsga yordam berish, sun'iy intellekt vositalaridan ruxsatsiz foydalanish yoki baholash natijalariga noqonuniy ta'sir ko‘rsatishga qaratilgan boshqa harakatlar taqiqlanadi.
Akademik nohalollik aniqlangan taqdirda Maktab Davomat siyosati, Akademik halollik siyosati talablariga muvofiq tegishli choralarni qo‘llaydi.
Imtihonlar va boshqa baholash shakllarini tashkil etish, imtihon xonasida o‘zini tutish qoidalari, ruxsat etilgan va taqiqlangan buyumlar, elektron qurilmalardan foydalanish, akademik qoidabuzarliklar hamda ularning oqibatlari Maktab Davomat siyosati, Akademik halollik siyosati va Maktabning boshqa tegishli ichki normativ hujjatlarida batafsil tartibga solinadi.
SINF XONALARI VA UMUMIY FOYDALANISH HUDUDLARIDA XULQ-ATVOR
Maktab barcha o‘quvchilar uchun xavfsiz, tartibli va qulay ta'lim muhitini ta'minlash maqsadida sinf xonalari, yo‘laklar va boshqa umumiy foydalanish hududlarida quyidagi qoidalarni belgilaydi.
O‘quvchilardan quyidagilar kutiladi:
- sinf xonalariga faqat tegishli pedagog xodimning ruxsati bilan kirish;
- pedagog xodimning ruxsatisiz sinf xonalarida qolmaslik;
- tanaffuslar vaqtida yo‘laklar, zinapoyalar va kirish-chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘ymaslik;
- Maktab binolari ichida yugurmaslik, xavf tug‘diruvchi o‘yinlar o‘ynamaslik hamda boshqa shaxslarning xavfsizligiga tahdid soluvchi xatti-harakatlarni sodir etmaslik;
- tanaffuslar davomida Maktab tomonidan belgilangan dam olish va umumiy foydalanish hududlaridan foydalanish;
- ob-havo yoki boshqa xavfsizlik bilan bog‘liq holatlarda Maktab xodimlarining ko‘rsatmalariga rioya qilish;
- sinf xonalari, yo‘laklar va boshqa umumiy foydalanish joylarida tozalik, tartib va mulkka ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish.
Maktab ma'muriyati xavfsizlik yoki ta'lim jarayonini samarali tashkil etish maqsadida ayrim hududlardan foydalanish tartibini vaqtincha o‘zgartirishi mumkin.
JIDDIY INTIZOMIY QOIDABUZARLIKLAR
Quyida keltirilgan harakatlar Maktab tomonidan jiddiy intizomiy qoidabuzarliklar sifatida baholanishi mumkin.
Har bir holat uning og‘irligi, oqibatlari, sodir etilish holatlari hamda boshqa tegishli omillar hisobga olingan holda alohida tartibda ko‘rib chiqiladi.
Bunday qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda Maktab Akademik halollik siyosati va boshqa tegishli ichki normativ hujjatlarga muvofiq intizomiy choralarni qo‘llashi mumkin.
Jiddiy intizomiy qoidabuzarliklarga quyidagilar kiradi:
- jinsiy zo‘ravonlik, jinsiy tajovuz, jinsiy tegajog‘lik, nomaqbul jinsiy xatti-harakatlar yoki boshqa shaxsning sha'ni va daxlsizligini buzuvchi har qanday harakat;
- har qanday ko‘rinishdagi diskriminatsiya, nafrat uyg‘otuvchi nutq (hate speech), irqiy, milliy, diniy, jinsiy, nogironlik yoki boshqa belgilar bo‘yicha kamsitish;
- o‘g‘rilik, firibgarlik, o‘zlashtirish yoki boshqa shaxsning mol-mulkidan ruxsatsiz foydalanish;
- akademik nohalollik, jumladan plagiat, nusxa ko‘chirish, ruxsat etilmagan yordamdan foydalanish, sun'iy intellekt vositalaridan noqonuniy foydalanish yoki baholash natijalariga noqonuniy ta'sir ko‘rsatish;
- qurol, portlovchi moddalar yoki boshqa xavfli buyumlarni Maktab hududiga olib kirish, saqlash yoki ulardan foydalanish;
- boshqa shaxslarning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan buyumlar yoki moddalarni saqlash yoki ulardan foydalanish;
- pornografik, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi yoki yoshga mos bo‘lmagan materiallarni saqlash, tarqatish yoki ulardan foydalanish;
- giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari yoki boshqa noqonuniy moddalarni saqlash, iste'mol qilish, tarqatish yoki ularning ta'siri ostida Maktabga kelish;
- tamaki mahsulotlari, elektron sigaretalar (vape), nikotin mahsulotlari yoki shunga o‘xshash vositalarni Maktab hududida yoki Maktab tomonidan tashkil etilgan tadbirlar davomida saqlash yoki iste'mol qilish;
- alkogolli ichimliklarni saqlash, iste'mol qilish yoki ularning ta'siri ostida Maktabga kelish;
- boshqa shaxslarning shaxsiy hayotiga noqonuniy aralashish, ularning roziligisiz foto, audio yoki video yozuvlar tayyorlash, saqlash yoki tarqatish;
- internet yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqa shaxsni haqorat qilish, tahdid qilish, obro‘siga putur yetkazish yoki kiberbulling sodir etish;
- Maktab mulkiga yoki boshqa shaxslarning mol-mulkiga qasddan zarar yetkazish, vandalizm yoki graffiti chizish;
- pedagog xodimlar, Maktab xodimlari yoki boshqa o‘quvchilarga nisbatan zo‘ravonlik, tahdid, qo‘rqitish, bullying, hazing yoki boshqa nomaqbul xatti-harakatlar;
- Maktab hududini yoki Maktab tomonidan tashkil etilgan tadbirlarni ruxsatsiz tark etish;
- Maktab xavfsizligi, ta'lim jarayoni yoki boshqa shaxslarning huquqlariga jiddiy zarar yetkazuvchi har qanday harakat;
- Maktabning obro‘si va nufuziga jiddiy putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlar;
- ilgari qo‘llanilgan tarbiyaviy yoki intizomiy choralar samara bermagan holda, qoidabuzarliklarni muntazam ravishda takrorlash;
- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ma'muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlariga ega bo‘lgan har qanday harakat.
Agar qoidabuzarlik O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlariga ega bo‘lsa, Maktab amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq vakolatli davlat organlarini xabardor qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
Jiddiy intizomiy qoidabuzarliklarni ko‘rib chiqish tartibi, o‘quvchining tushuntirish berish huquqi, ota-onalarni (qonuniy vakillarni) jalb qilish, intizomiy choralarni qo‘llash hamda apellyatsiya qilish tartibi Akademik qoʻllanmada batafsil belgilangan.
YENGIL INTIZOMIY QOIDABUZARLIKLAR
Quyidagi harakatlar odatda yengil intizomiy qoidabuzarliklar sifatida baholanadi va ularning takrorlanishi yoki muntazam sodir etilishi yanada jiddiy intizomiy choralar qo‘llanilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Har bir holat uning xususiyatlari va sodir etilish holatlari hisobga olingan holda alohida tartibda ko‘rib chiqiladi.
Yengil intizomiy qoidabuzarliklarga quyidagilar kiradi:
- pedagog xodimlar yoki Maktab xodimlarining qonuniy ko‘rsatmalariga asossiz ravishda rioya qilmaslik;
- dars mashg‘ulotlariga yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rmaslik yoki topshiriqlarni muntazam ravishda belgilangan muddatlarda bajarmaslik;
- Maktab tomonidan kirish cheklangan hududlarga ruxsatsiz kirish;
- Maktabning kiyinish qoidalari yoki tashqi ko‘rinish talablariga rioya qilmaslik;
- uzrli sabab bilan dars qoldirilganidan keyin talab etiladigan hujjatlarni belgilangan muddatda taqdim etmaslik;
- odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan qo‘pol yoki haqoratomuz so‘zlardan foydalanish;
- darslarga, Maktab tadbirlariga yoki qo‘shimcha mashg‘ulotlarga muntazam ravishda kechikish;
- Maktab hududida chiqindilarni belgilangan joylarga tashlamaslik yoki tozalik qoidalariga rioya qilmaslik;
- sport yoki boshqa faoliyatlarni bunga ruxsat berilmagan joylarda yoki vaqtlarda amalga oshirish;
- shaxsiy buyumlarni Maktab tomonidan belgilangan tartibga zid ravishda qoldirish yoki saqlash;
- pedagog xodimning ruxsatisiz dars davomida ovqatlanish yoki ichimlik iste'mol qilish;
- Maktab hududida saqich chaynash, agar Maktabning ichki qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa;
- boshqa o‘quvchilarning xavfsizligi yoki ta'lim jarayoniga xalaqit beruvchi ehtiyotsiz yoki tartibsiz xatti-harakatlar;
- darslar, yig‘ilishlar (assemblies), majburiy tadbirlar yoki boshqa rejalashtirilgan mashg‘ulotlarda uzrsiz qatnashmaslik;
- Maktabning boshqa ichki qoidalarini buzish, agar bunday harakat jiddiy intizomiy qoidabuzarlik sifatida baholanmasa.
Yengil intizomiy qoidabuzarliklar takrorlangan yoki o‘quvchi tomonidan ilgari qo‘llanilgan tarbiyaviy choralar samara bermagan taqdirda, Maktab Akademik qoʻllanma talablariga muvofiq qo‘shimcha intizomiy choralarni qo‘llashi mumkin.
O‘QUVCHILAR INTIZOMI
Kirish
Maktab barcha o‘quvchilar uchun xavfsiz, hurmatga asoslangan, inklyuziv va samarali ta'lim muhitini yaratishga intiladi. Shu sababli Maktab intizomni faqat qoidabuzarlikka javob chorasi sifatida emas, balki o‘quvchilarda mas'uliyat, o‘zini o‘zi boshqarish, akademik halollik, hurmat va ijtimoiy kompetensiyalarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi tarbiyaviy vosita sifatida ko‘radi. Maktabning asosiy maqsadi qoidabuzarlik sodir bo‘lgandan keyin jazolash emas, balki bunday holatlarning oldini olish, ijobiy xulq-atvorni rag‘batlantirish hamda o‘quvchilarning shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Mazkur Siyosat O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga, xususan "Ta'lim to‘g‘risida"gi Qonun, "Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonun hamda Maktabning boshqa ichki normativ hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Intizomiy yondashuv
Maktab har bir intizomiy masalani adolat, xolislik, mutanosiblik va o‘quvchining eng yaxshi manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida ko‘rib chiqadi. Har bir holat alohida baholanadi va qaror qabul qilishda qoidabuzarlikning xususiyati, uning oqibatlari, o‘quvchining yoshi, rivojlanish darajasi, ilgari kuzatilgan xulq-atvori hamda boshqa muhim omillar e'tiborga olinadi. Zarur hollarda Maktab tiklovchi yondashuvlardan, maslahat berishdan, vositachilikdan va boshqa tarbiyaviy choralarni qo‘llashdan foydalanadi.
Intizomiy choralar jazolash maqsadida emas, balki o‘quvchining xulq-atvorini yaxshilash, xavfsiz ta'lim muhitini saqlash, boshqa o‘quvchilarning huquqlarini himoya qilish hamda Maktab qadriyatlarini mustahkamlash maqsadida qo‘llaniladi.
O‘quvchining huquqlari
Har qanday intizomiy ish yuritish jarayonida o‘quvchining huquqlari hurmat qilinadi. O‘quvchi o‘ziga nisbatan qo‘yilgan e'tirozlar haqida xabardor qilinish, o‘z fikrini erkin bayon etish, tushuntirish berish, mavjud dalillarni taqdim etish hamda zarur hollarda ota-onasi (qonuniy vakili) ishtirokida tinglanish huquqiga ega. Shuningdek, Maktabning belgilangan tartibiga muvofiq qabul qilingan qaror ustidan apellyatsiya berish huquqi ham ta'minlanadi.
Ota-onalar bilan hamkorlik
Maktab o‘quvchilarning xulq-atvorini shakllantirish jarayonida ota-onalar (qonuniy vakillar) bilan yaqin hamkorlikni muhim deb hisoblaydi. Qoidabuzarlikning og‘irligi va xususiyatidan kelib chiqib ota-onalar tegishli tartibda xabardor qilinadi hamda zarur hollarda intizomiy jarayonga jalb etiladi. Maktab muammolarni imkon qadar oila va o‘quvchi bilan hamkorlikda hal etishga intiladi.
Intizomiy choralarni qo‘llash
Maktab tomonidan qo‘llaniladigan har qanday intizomiy choralar sodir etilgan qoidabuzarlikning og‘irligi va holatlariga mutanosib bo‘lishi kerak. Qoidabuzarlikning takrorlanishi, uning boshqa o‘quvchilarga yoki Maktab hamjamiyatiga ta'siri, shuningdek ilgari qo‘llanilgan tarbiyaviy choralar natijalari ham hisobga olinadi.
Agar o‘quvchining harakati O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ma'muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlariga ega bo‘lsa, Maktab vakolatli davlat organlari bilan amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda hamkorlik qiladi.
Boshqa hujjatlar bilan bog‘liqligi
Mazkur bo‘lim Xulk-atvor kodeksi, Akademik halollik siyosati, Davomat siyosati, Axborot texnologiyalari va raqamli resurslardan maqbul foydalanish siyosati hamda Maktabning boshqa tegishli ichki normativ hujjatlari bilan uzviy bog‘liq holda qo‘llaniladi. Ushbu hujjatlarda intizomiy choralarni qo‘llash tartibi, qoidabuzarliklarni ko‘rib chiqish mexanizmlari hamda apellyatsiya jarayonlari batafsil tartibga solinadi.
APELLYATSIYA TARTIBI
Umumiy qoidalar
Maktab har bir o‘quvchi va uning ota-onasi (qonuniy vakili) qabul qilingan intizomiy qaror ustidan apellyatsiya berish huquqiga ega ekanligini e'tirof etadi. Apellyatsiya tartibining maqsadi qabul qilingan qarorning qonuniyligi, xolisligi, adolatliligi va ushbu Siyosat hamda Maktabning boshqa ichki hujjatlariga muvofiqligini qayta baholashdan iborat.
Apellyatsiya jarayoni intizomiy ishni boshidan qayta ko‘rib chiqish yoki yangi intizomiy eshituv o‘tkazishni anglatmaydi. Apellyatsiya davomida, odatda, ilgari qabul qilingan qarorning asoslanganligi, qo‘llanilgan tartib-taomillarga rioya etilgani hamda apellyatsiya arizasida keltirilgan asoslar baholanadi.
Apellyatsiya berish huquqi
O‘quvchi yoki uning ota-onasi (qonuniy vakili) Maktab tomonidan qo‘llanilgan rasmiy intizomiy choralar yuzasidan apellyatsiya berish huquqiga ega.
Apellyatsiya quyidagi asoslardan biri yoki bir nechtasi mavjud bo‘lganda berilishi mumkin:
- qarorni qabul qilish jarayonida ushbu Siyosat yoki Maktabning boshqa ichki hujjatlarida belgilangan tartib buzilgan bo‘lsa;
- muhim yangi dalillar aniqlangan bo‘lsa va ular dastlabki ko‘rib chiqish vaqtida mavjud bo‘lmagan yoki taqdim etilishi mumkin bo‘lmagan bo‘lsa;
- qabul qilingan qaror mavjud dalillarga nomutanosib yoki asossiz deb hisoblangan bo‘lsa;
- qo‘llanilgan intizomiy chora sodir etilgan qoidabuzarlikka nisbatan nomutanosib deb hisoblangan bo‘lsa.
Apellyatsiya berish tartibi
Apellyatsiya yozma shaklda taqdim etiladi va unda quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:
- o‘quvchining familiyasi, ismi va sinfi;
- apellyatsiya qilinayotgan qaror;
- apellyatsiya berish asoslari;
- mavjud bo‘lsa, yangi dalillar yoki hujjatlar;
- ota-onaning (qonuniy vakilning) yoki voyaga yetgan o‘quvchining imzosi.
Apellyatsiya intizomiy qaror yozma ravishda olingan kundan boshlab 5 (besh) ish kuni ichida Maktab direktoriga yoki Maktab tomonidan belgilangan vakolatli shaxsga taqdim etilishi lozim.
Apellyatsiyani ko‘rib chiqish
Apellyatsiya Maktab tomonidan tayinlangan, mazkur ishni dastlab ko‘rib chiqishda ishtirok etmagan vakolatli shaxs yoki komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Apellyatsiyani ko‘rib chiqish davomida vakolatli shaxs:
- dastlabki qaror materiallarini;
- apellyatsiya arizasini;
- taqdim etilgan yangi dalillarni;
- zarur deb topilgan boshqa hujjatlarni
- o‘rganadi hamda zarur hollarda qo‘shimcha tushuntirishlar talab qilishi mumkin.
Vakolatli shaxs, agar mavjud materiallar yetarli bo‘lsa, qo‘shimcha eshituv o‘tkazmasdan ham qaror qabul qilishi mumkin. Zarur hollarda esa tomonlarni tinglash yoki qo‘shimcha ma'lumotlarni olish maqsadida qo‘shimcha uchrashuv tashkil etilishi mumkin.
Apellyatsiya natijalari
Apellyatsiyani ko‘rib chiqish yakunida quyidagi qarorlardan biri qabul qilinishi mumkin:
- dastlabki qarorni o‘zgarishsiz qoldirish;
- intizomiy chorani o‘zgartirish;
- intizomiy chorani bekor qilish;
- ishni qo‘shimcha ko‘rib chiqish uchun qaytarish.
Qabul qilingan qaror imkon qadar 5 (besh) ish kuni ichida yozma shaklda o‘quvchiga va uning ota-onasiga (qonuniy vakiliga) yuboriladi.
Yakuniy qoidalar
Apellyatsiya bo‘yicha qabul qilingan qaror Maktab doirasidagi yakuniy qaror hisoblanadi.
Agar o‘quvchi yoki uning ota-onasi (qonuniy vakili) ushbu qarordan norozi bo‘lsa, ular O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Apellyatsiya materiallari Maktabning hujjat aylanishi va shaxsga doir ma'lumotlarni himoya qilish bo‘yicha ichki tartiblariga muvofiq saqlanadi.
JAMOAVIY YOKI GURUH TOMONIDAN SODIR ETILGAN QOIDABUZARLIKLAR
Umumiy qoidalar
Agar ikki yoki undan ortiq o‘quvchi birgalikda yoki o‘zaro kelishilgan holda ushbu Siyosat yoki Maktabning boshqa ichki hujjatlari talablarini buzgan deb taxmin qilinsa, bunday holat jamoaviy (guruh) qoidabuzarlik sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Maktab bunday holatlarni ko‘rib chiqishda ishning barcha holatlarini, qoidabuzarlikning xususiyatini, har bir o‘quvchining ishtiroki darajasini hamda boshqa muhim omillarni hisobga oladi. Jamoaviy qoidabuzarlik sodir etilgani har bir o‘quvchining javobgarligi avtomatik ravishda bir xil bo‘lishini anglatmaydi.
Dastlabki ko‘rib chiqish
Jamoaviy qoidabuzarlik to‘g‘risidagi ma'lumot kelib tushgan taqdirda, Maktab vakolatli xodimi dastlabki o‘rganishni amalga oshiradi. Zarur hollarda ushbu jarayonda o‘quvchilardan tushuntirishlar olinadi, mavjud dalillar o‘rganiladi hamda qoidabuzarlikning sodir etilgan holatlari aniqlanadi.
Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra Maktab masalani tarbiyaviy tartibda hal etish, har bir o‘quvchiga nisbatan alohida intizomiy ish yuritishni boshlash yoki barcha ishtirokchilarga nisbatan yagona intizomiy ish yuritishni tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Intizomiy ish yuritish
Agar jamoaviy qoidabuzarlik jiddiy tusga ega bo‘lsa, Maktab barcha ishtirokchilarga nisbatan bitta umumiy intizomiy ish yuritishni o‘tkazishi mumkin. Bunda har bir o‘quvchiga o‘zining shaxsiy pozitsiyasini bayon etish, dalillar taqdim etish hamda o‘zining ishtiroki darajasi boshqa ishtirokchilarnikidan farq qilishini asoslash imkoniyati beriladi.
Maktab zarur deb topgan hollarda ayrim o‘quvchilarga nisbatan alohida intizomiy ish yuritishni ham tashkil etishi mumkin.
Individual javobgarlik
Jamoaviy qoidabuzarlik yuz bergan taqdirda ham har bir o‘quvchining javobgarligi alohida baholanadi. Intizomiy choralar qoidabuzarlikdagi shaxsiy ishtiroki, ayb darajasi, qilmishning oqibatlari hamda boshqa muhim holatlar hisobga olingan holda belgilanadi.
Apellyatsiya
Jamoaviy qoidabuzarlik yuzasidan qabul qilingan qarorlar ustidan apellyatsiya berish tartibi ushbu Siyosatning "Apellyatsiya tartibi" bo‘limiga muvofiq amalga oshiriladi. Har bir o‘quvchi yoki uning ota-onasi (qonuniy vakili) o‘ziga nisbatan qabul qilingan qaror ustidan mustaqil ravishda apellyatsiya berish huquqiga ega.
MAKTAB HUDUDIDA SODIR ETILGAN HUQUQQA XILOF HARAKATLAR
Umumiy qoidalar
Agar o‘quvchining Maktab hududida yoki Maktab tomonidan tashkil etilgan tadbir davomida sodir etgan harakatida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ma'muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari mavjud deb hisoblansa, Maktab ushbu holatni o‘zining ichki tartib-taomillari asosida ko‘rib chiqish huquqiga ega.
Bunday holatlar yuzasidan Maktab tomonidan amalga oshiriladigan ichki intizomiy ish yuritish O‘zbekiston Respublikasi vakolatli davlat organlari tomonidan olib borilishi mumkin bo‘lgan surishtiruv, ma'muriy ish yuritish yoki jinoyat protsessidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Intizomiy va huquqiy javobgarlikning mustaqilligi
Maktab tomonidan qo‘llaniladigan intizomiy choralar o‘quvchi va Maktab o‘rtasidagi ichki munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, ular davlat organlari tomonidan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ma'muriy yoki jinoiy javobgarlik choralaridan mustaqildir.
Shu sababli, vakolatli davlat organlari tomonidan surishtiruv yoki sud jarayoni olib borilishi Maktabning ushbu Siyosatga muvofiq ichki intizomiy ish yuritishni boshlashiga, davom ettirishiga yoki yakunlashiga to‘sqinlik qilmaydi.
Vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik
Agar sodir etilgan harakatda ma'muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari mavjud bo‘lsa, Maktab amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq vakolatli davlat organlariga murojaat qilishi yoki ular bilan hamkorlik qilishi mumkin.
Bunday hollarda Maktab, imkon qadar, o‘quvchining ota-onasini (qonuniy vakilini) tegishli tartibda xabardor qiladi, bundan qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan hollar mustasno.
Yakuniy qoidalar
Vakolatli davlat organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar Maktabning ichki intizomiy choralarini avtomatik ravishda bekor qilmaydi yoki o‘zgartirmaydi. Xuddi shuningdek, Maktab tomonidan qo‘llanilgan intizomiy choralar ham davlat organlarining vakolatlarini cheklamaydi.
Har bir holat alohida baholanadi va Maktab qaror qabul qilishda qoidabuzarlikning xususiyati, oqibatlari, o‘quvchining manfaatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablarini inobatga oladi.
O‘QUVCHINI VAQTINCHA CHETLASHTIRISH
Umumiy qoidalar
Ayrim hollarda, o‘quvchining xatti-harakati Maktab hamjamiyati xavfsizligiga, ta'lim jarayonining uzluksizligiga yoki intizomiy ish yuritishning xolis olib borilishiga jiddiy xavf tug‘dirgan taqdirda, Maktab o‘quvchini vaqtincha ta'lim jarayonining ayrim faoliyatlaridan yoki Maktab hududidan chetlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Vaqtincha chetlashtirish intizomiy jazo sifatida emas, balki xavfsizlikni ta'minlash, barcha ishtirokchilarning manfaatlarini himoya qilish hamda intizomiy ishni xolis ko‘rib chiqish uchun qo‘llaniladigan vaqtinchalik choradir.
Intizomiy ish yuritish davrida vaqtincha chetlashtirish
Agar jiddiy intizomiy qoidabuzarlik sodir etilgan deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud bo‘lsa, Maktab intizomiy ish yakunlangunga qadar o‘quvchini vaqtincha chetlashtirishi mumkin.
Bunday qaror faqat zarurat mavjud bo‘lgan hollarda qabul qilinadi va imkon qadar qisqa muddat davom etishi lozim. Ota-onalar (qonuniy vakillar) qaror qabul qilinganidan so‘ng imkon qadar tezroq xabardor qilinadi.
Maktab imkoniyatidan kelib chiqib, vaqtincha chetlashtirilgan o‘quvchining ta'lim jarayonidan ortda qolmasligi uchun tegishli o‘quv materiallari yoki boshqa pedagogik qo‘llab-quvvatlash choralarini tashkil etishga harakat qiladi.
Intizomiy chora sifatida vaqtincha chetlashtirish
Jiddiy intizomiy qoidabuzarlik aniqlangan taqdirda, Maktab ushbu Siyosat va boshqa ichki siyosatlar talablariga muvofiq o‘quvchini ma'lum muddatga ayrim darslardan, Maktab tomonidan tashkil etiladigan tadbirlardan yoki Maktab hududidan vaqtincha chetlashtirishi mumkin.
Bunday qaror qabul qilinayotganda qoidabuzarlikning og‘irligi, uning oqibatlari, ilgari qo‘llanilgan tarbiyaviy choralar, o‘quvchining yoshi, manfaatlari hamda ta'lim olish huquqi hisobga olinadi.
Yakuniy qoidalar
Vaqtincha chetlashtirish har doim mutanosib, asoslantirilgan va individual baholash natijasida qo‘llanilishi lozim. Uning davomiyligi o‘quvchining ta'lim olish huquqiga asossiz ravishda putur yetkazmasligi kerak.
Vaqtincha chetlashtirishni qo‘llash tartibi, vakolatli shaxslar, ota-onalarni xabardor qilish tartibi, o‘quv jarayonini davom ettirish imkoniyatlari hamda boshqa protsessual masalalar Maktabning boshqa tegishli ichki hujjatlarida batafsil tartibga solinadi.
MAKTAB BILAN TA'LIM MUNOSABATLARINI TUGATISH
Umumiy qoidalar
Maktab o‘quvchini Maktabdan chetlashtirishni (ta'lim munosabatlarini tugatishni) faqat eng so‘nggi chora sifatida ko‘radi. Qaror qabul qilishdan oldin Maktab imkon qadar tarbiyaviy, psixologik, pedagogik va boshqa qo‘llab-quvvatlovchi choralarni qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.
Agar intizomiy ish yuritish natijasida o‘quvchining Maktabda ta'lim olishini davom ettirishi mumkin degan xulosaga kelinsa, Maktab ota-onalar (qonuniy vakillar), tegishli pedagog xodimlar hamda zarur hollarda Maktab psixologi yoki boshqa mutaxassislar ishtirokida qo‘llab-quvvatlash rejasini ishlab chiqishi mumkin. Bunday reja o‘quvchining xulq-atvorini yaxshilash, takroriy qoidabuzarliklarning oldini olish va uning Maktab hayotiga muvaffaqiyatli integratsiyasini ta'minlashga qaratiladi.
Zarur hollarda Maktab ota-onalarga mustaqil psixologik, pedagogik yoki boshqa mutaxassislar xizmatlaridan foydalanishni tavsiya qilishi mumkin. Bunday xizmatlardan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlar, agar yozma ravishda boshqacha kelishilmagan bo‘lsa, ota-onalar (qonuniy vakillar) zimmasida bo‘ladi.
Ta'lim munosabatlarini tugatish
Agar jiddiy yoki takroriy qoidabuzarliklar sodir etilganligi, qo‘llanilgan tarbiyaviy va intizomiy choralar samara bermaganligi hamda o‘quvchining Maktabda ta'lim olishini davom ettirishi Maktab hamjamiyatining xavfsizligi, huquqlari yoki ta'lim jarayoniga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatishi aniqlansa, Maktab amaldagi qonunchilik, ta'lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma hamda Maktabning ichki normativ hujjatlariga muvofiq ta'lim munosabatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Bunday qaror faqat intizomiy ish yuritish yakunlangandan, barcha muhim holatlar baholangandan va o‘quvchiga hamda uning ota-onasiga (qonuniy vakillariga) o‘z fikrini bildirish imkoniyati berilgandan keyin qabul qilinadi.
Qarorni rasmiylashtirish
Ta'lim munosabatlarini tugatish to‘g‘risidagi qaror ota-onalarga (qonuniy vakillarga) yozma ravishda ma'lum qilinadi. Qarorda uning asoslari, kuchga kirish sanasi hamda Maktabning ichki hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda apellyatsiya berish tartibi ko‘rsatiladi.
Ota-onalar bilan hisob-kitob qilish, oldindan to‘langan to‘lovlarni qaytarish (agar mavjud bo‘lsa), hujjatlarni topshirish hamda boshqa tashkiliy masalalar ta'lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma va Maktabning moliyaviy siyosatiga muvofiq amalga oshiriladi.
Yakuniy qoidalar
Ta'lim munosabatlarini tugatish har bir holat bo‘yicha individual ravishda, mutanosiblik, adolatlilik va o‘quvchining eng yaxshi manfaatlari tamoyillari asosida ko‘rib chiqiladi.
Mazkur bo‘lim O’quvchiga pullik ta’lim xizmati ko’rsatish shartnomasi hamda Maktabning boshqa tegishli ichki hujjatlari bilan birgalikda qo‘llaniladi.
