AMERICAN INTERNATIONAL SCHOOL OF TASHKENT

O‘QUVCHI VA OTA-ONALAR UCHUN QO‘LLANMA

Toshkent – 2026

QO‘LLANMANING MAQSADI

Ushbu Qo‘llanma o‘quv yili davomida o‘quvchilar va ota-onalarda (qonuniy vakillarda) eng ko‘p uchraydigan savollarga javob berish maqsadida ishlab chiqilgan. Qo‘llanmada o‘quvchilarning huquqlari, majburiyatlari, maktab qoidalari hamda ta’lim jarayoniga oid muhim ma’lumotlar keltirilganligi sababli, har bir o‘quvchi va uning ota-onasi (qonuniy vakili) uning mazmuni bilan tanishishi va unda belgilangan talablarga rioya qilishi shart. Iltimos, ushbu Qo‘llanma bilan diqqat bilan tanishib chiqing hamda undan o‘quv yili davomida foydalanish uchun elektron yoki bosma nusxasini saqlab qo‘ying. Qo‘llanma turli masalalar yuzaga kelganda ishonchli ma’lumot manbai bo‘lib xizmat qiladi hamda tushunmovchiliklar va bahsli holatlarning oldini olishga yordam beradi.

American International School of Tashkent (Maktab) ushbu Qo‘llanma qoidalarini, shu jumladan o‘quvchilarning akademik va akademik bo‘lmagan faoliyatiga oid qoidalarni sharhlash huquqini o‘zida saqlab qoladi. Ushbu Qo‘llanma shartnoma hisoblanmaydi va shartnoma sifatida talqin qilinmasligi lozim. Maktab amaldagi qonunchilik, ta’lim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar yoki Maktab faoliyati ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ushbu Qo‘llanmaga istalgan vaqtda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Qo‘llanmaga kiritilgan har qanday o‘zgartish yoki qo‘shimchalar o‘quvchilar va ularning ota-onalariga (qonuniy vakillariga) Maktabning rasmiy axborot kanallari orqali yetkaziladi.

Ushbu Qo‘llanma Maktabning barcha ichki qoidalari, siyosatlari va tartib-taomillarining to‘liq to‘plami hisoblanmaydi. Uning maqsadi o‘quvchilar va ota-onalarga (qonuniy vakillarga) Maktab faoliyati, ta’lim jarayoni hamda asosiy ichki qoidalar to‘g‘risida umumiy ma’lumot berishdan iborat.

Maktab amaldagi qonunchilik, ta’lim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, akkreditatsiya talablari yoki Maktab faoliyati ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, o‘z ixtiyoriga ko‘ra o‘quv yili taqvimini, o‘quv rejasi va o‘quv dasturlarini, ta’lim dasturlari va xizmatlarini, ichki siyosatlar va tartib-taomillarni, ushbu Qo‘llanma mazmunini o‘zgartirish yoki ularga qo‘shimchalar kiritish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Bunday o‘zgartishlar Maktabning rasmiy axborot kanallari orqali o‘quvchilar va ularning ota-onalariga (qonuniy vakillariga) yetkaziladi va e’lon qilingan sanadan boshlab kuchga kiradi, agar ularda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa.

Agar ushbu Qo‘llanma yoki unda nazarda tutilgan qoidalar yuzasidan savollaringiz mavjud bo‘lsa, Maktab ma’muriyati bilan Maktabning rasmiy aloqa vositalari orqali bog‘lanishingiz mumkin.

DAVOMAD

Maktabda muntazam qatnashish har bir o‘quvchining muhim majburiyatlaridan biri hisoblanadi va uning muvaffaqiyatli ta’lim olishi uchun zarur shart hisoblanadi. Ota-onalardan (qonuniy vakillardan) ta’lim jarayoni davom etayotgan vaqtda ta’tillar, sayohatlar, rejalashtirilgan tibbiy ko‘riklar yoki boshqa shaxsiy tadbirlarni imkon qadar dars vaqtiga to‘g‘ri kelmasligini ta’minlash so‘raladi.

Maktabda ta’lim jarayoni izchillik va bosqichma-bosqichlik tamoyili asosida tashkil etilganligi sababli, uzoq muddatli yoki muntazam dars qoldirish o‘quvchining akademik o‘zlashtirishiga, ijtimoiy moslashuviga hamda sinf faoliyatida ishtirok etishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Maktab uzoq muddatli kasallik, oilaviy safarlar, intizomiy choralar yoki ta’lim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa sabablar tufayli darslarda ishtirok etmagan o‘quvchilar uchun alohida o‘quv dasturini tashkil etish yoki o‘quv jarayonini o‘zgartirish majburiyatini olmaydi, agar qonunchilikda yoki Maktabning ichki hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa.

Agar o‘quvchi darslarda ishtirok eta olmasa, ota-ona (qonuniy vakil) bu haqda darslar boshlanishidan oldin, imkoni boricha soat ertalab 10:00 ga qadar Maktabni rasmiy aloqa vositalari orqali xabardor qilishi lozim.

Kasallik sababli dars qoldirilgan hollarda Maktab zaruratga qarab tibbiy ma’lumotnoma yoki davolash muassasasi tomonidan berilgan boshqa tasdiqlovchi hujjatni talab qilish huquqiga ega.

O‘quvchining davomati to‘g‘risidagi ma’lumotlar uning akademik hisobotlarida aks ettirilishi mumkin.

Dars qoldirish holatlari muntazam yoki ortiqcha tus olgan taqdirda, Maktab ota-ona (qonuniy vakil), sinf rahbari, tegishli pedagoglar va Maktab ma’muriyati ishtirokida uchrashuv o‘tkazishi hamda vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralarni belgilashi mumkin.

Agar davomad bilan bog‘liq muammolar Maktabning Davomad siyosati hamda Ta’lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma talablariga zid ravishda davom etsa, Maktab qonunchilik va ichki hujjatlarga muvofiq o‘quvchining ta’lim olishini davom ettirish masalasini qayta ko‘rib chiqish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

MAKTABGA KECH QOLIB KELISH TARTIBI

O‘quv mashg‘ulotlari har kuni soat 8:30 da boshlanadi. Soat 9:30 dan keyin Maktab hududiga kirish faqat kechikish sababi qayd etilgandan so‘ng amalga oshiriladi. Soat 10:00 dan keyin Maktabga kelgan o‘quvchilar «KECH QOLGAN» deb hisoblanadi va ularning kelishi Maktabning davomad hisobida tegishli tartibda qayd etiladi.

O‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida soat 10:00 dan keyin kelgan har bir o‘quvchi Maktab binosiga ota-onasi (qonuniy vakili) yoki boshqa vakolatli voyaga yetgan shaxs hamrohligida kirishi hamda resepsiya xodimi xodimi tomonidan ro‘yxatga olinishi shart.

Agar o‘quvchi kun boshida darsda qatnashmaganligi sababli davomad tizimida «YO‘Q» deb belgilangan bo‘lsa, u Maktabga kelib ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin davomad ma’lumotlari tegishli tartibda yangilanadi.

KECH QOLISH

Barcha o‘quvchilar darslar boshlanishidan oldin, ya’ni soat 8:30 gacha o‘z sinflarida bo‘lishlari lozim. Soat 9:30 dan keyin Maktabga kelgan har qanday o‘quvchi «KECH QOLGAN» deb hisoblanadi va avval resepsiya xodimiga murojaat qilib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishi shart.

Maktab o‘quvchilarning kech qolish holatlarini muntazam nazorat qilib boradi. Agar o‘quvchi bir semestr davomida70% yoki undan ortiq marta kech qolsa, Maktab ota-onasiga (qonuniy vakiliga) rasmiy yoki elektron shaklda ogohlantirish xati yuboradi. Agar o‘quvchi bir semestr davomida 70% yoki undan ortiq marta kech qolsa, vaziyatni muhokama qilish va kech qolish sabablarini bartaraf etish choralarini belgilash maqsadida ota-ona (qonuniy vakil), sinf rahbari va Maktab ma’muriyati ishtirokida uchrashuv tashkil etiladi.

Maktab o‘z vaqtida kelish ta’lim jarayonining muhim qismi ekanligini hisoblaydi. Punktuallik o‘quvchilarda mas’uliyat, intizom va kelajakdagi akademik hamda shaxsiy muvaffaqiyat uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.

SINFLAR

Sinflarga taqsimlash

O‘quvchilarni sinflarga taqsimlash Maktab ma’muriyati tomonidan har bir o‘quvchining ta’lim ehtiyojlari, akademik tayyorgarligi, yoshi, rivojlanish xususiyatlari hamda boshqa muhim omillar har tomonlama baholangan holda amalga oshiriladi. Sinflarni shakllantirish jarayonida tegishli pedagoglar, sinf rahbarlari, mutaxassislar (zarur hollarda) hamda Akademic Direktorning tavsiyalari inobatga olinishi mumkin.

Maktab ota-onalar (qonuniy vakillar) tomonidan o‘quvchining ta’lim olish xususiyatlari, rivojlanishi yoki boshqa muhim ma’lumotlar haqida taqdim etilgan axborotni inobatga oladi. Biroq, o‘quvchini muayyan o‘qituvchiga, sinfga yoki pedagogga biriktirish to‘g‘risidagi iltimoslar Maktab uchun majburiy hisoblanmaydi. O‘quvchilarni sinflarga taqsimlash to‘g‘risidagi yakuniy qaror Maktab tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinadi. Sinflarga taqsimlash natijalari yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin Maktabning rasmiy axborot kanallari orqali ota-onalarga (qonuniy vakillarga) yetkaziladi.

OTA-ONALAR BILAN UCHRASHUVLAR

Maktab o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlari, rivojlanishi va o‘quv jarayonidagi ishtiroki yuzasidan ota-onalar (qonuniy vakillar) bilan rejalashtirilgan uchrashuvlarni muntazam tashkil etadi. Bunday uchrashuvlar, qoida tariqasida, o‘quv yili davomida 4 marta o‘tkaziladi.

Zarur hollarda, shu jumladan o‘quvchining ta’lim natijalari, rivojlanishi yoki qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralarini muhokama qilish maqsadida, qo‘shimcha uchrashuvlar tashkil qilinishi mumkin. O‘quvchining uchrashuvda ishtirok etishi uning yoshi, rivojlanish darajasi hamda muhokama qilinayotgan masalaning xususiyatidan kelib chiqqan holda Maktab tomonidan belgilanadi. Ota-onalar (qonuniy vakillar) rejalashtirilgan uchrashuvlarda ishtirok etishlari kutiladi.

UY VAZIFASI

Uy vazifasi Maktabda olingan bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini rivojlantirish vositasi hisoblanadi. Uy vazifasining hajmi, mazmuni va murakkablik darajasi o‘quvchining yoshi, sinfi va rivojlanish xususiyatlarini hisobga olgan holda belgilanadi. Uy vazifasi o‘quv dasturi talablariga muvofiq bo‘lib, har bir sinf bosqichining ta’lim maqsadlaridan kelib chiqqan holda farq qilishi mumkin.

PLAGIAT VA AKADEMIK HALOLLIK

Maktab akademik halollik tamoyillariga qat’iy rioya qilinishini talab etadi. Baholash uchun taqdim etiladigan barcha mustaqil ishlar, loyihalar, topshiriqlar va boshqa o‘quv materiallari o‘quvchining mustaqil mehnati natijasi bo‘lishi shart. Plagiat, ko‘chirmachilik, boshqa shaxsning ishini o‘z nomi bilan taqdim etish, ruxsat etilmagan yordamdan foydalanish yoki akademik halollik qoidalarini boshqa tarzda buzishga yo‘l qo‘yilmaydi. Akademik halollik tamoyillari o‘quvchilarga ularning yoshi va rivojlanish darajasiga mos tarzda tushuntiriladi. Akademik halollik qoidalari buzilgan taqdirda, har bir holat alohida tartibda ko‘rib chiqiladi va tegishli choralar o‘quvchining yoshi, sinfi, qoidabuzarlikning xususiyati hamda Maktabning Akademik halollik siyosati talablarini hisobga olgan holda belgilanadi.

STANDARTLASHTIRILGAN BAHOLASH

Maktab o‘quvchilarning akademik rivojlanishi va ta’lim natijalarini baholash maqsadida belgilangan sinflarda milliy yoki xalqaro standartlashtirilgan baholash vositalaridan foydalanishi mumkin. Bunday baholash natijalari o‘quvchining umumiy akademik rivojlanishini baholash, ta’lim jarayoni samaradorligini tahlil qilish hamda o‘quv dasturlarini takomillashtirish uchun qo‘shimcha ma’lumot manbai sifatida qo‘llaniladi.

Maktab standartlashtirilgan test natijalarini o‘quvchining bilim va ko‘nikmalarini baholashning yagona mezoni sifatida qabul qilmaydi. Baholash natijalari o‘quvchining kundalik akademik faoliyati, o‘qituvchilarning kuzatuvlari hamda boshqa baholash usullari bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi. Maktab baholash jarayoni o‘quvchilar uchun xotirjam, xavfsiz va qo‘llab-quvvatlovchi muhitda o‘tkazilishini ta’minlashga intiladi, bu esa ularning baholash jarayoniga nisbatan ijobiy munosabatini shakllantirishga xizmat qiladi.

Standartlashtirilgan baholash natijalari ota-onalarga (qonuniy vakillarga) belgilangan tartibda yetkaziladi. Zarur hollarda Maktab ma’muriyati va tegishli pedagoglar baholash natijalarini tushuntirish hamda ular bo‘yicha maslahat berishlari mumkin.

MULOQOT

Muloqot siyosati

Maktab ota-onalar (qonuniy vakillar) bilan ochiq, o‘zaro hurmatga asoslangan va samarali muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi hamda rag‘batlantiradi. Elektron pochta, Maktabning rasmiy axborot tizimlari va boshqa elektron aloqa vositalari axborot almashishning samarali usullari hisoblanadi. Shu bilan birga, muhim masalalarni muhokama qilishda shaxsiy uchrashuvlar yoki onlayn uchrashuvlar eng maqbul muloqot shakli hisoblanadi.

Maktab ma’muriyati, pedagoglar va xodimlar ota-onalar (qonuniy vakillar) tomonidan yuborilgan rasmiy murojaatlarga, qoida tariqasida, bir ish kuni ichida javob berishga intiladi. Maktab ota-onalardan (qonuniy vakillardan) o‘qituvchilarning dars jarayoni, darsga tayyorgarlik ko‘rish vaqti va boshqa xizmat vazifalariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini so‘raydi.

O‘qituvchi bilan uchrashuv o‘tkazish zarur bo‘lgan hollarda, ota-ona (qonuniy vakil) uchrashuv vaqtini oldindan Maktab bilan kelishib olishi lozim. Dars jarayoni davomida o‘qituvchilarning ish faoliyatini to‘xtatish yoki darsni uzishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan favqulodda holatlar mustasno.

Ovozli xabarlar va boshqa aloqa vositalari

Maktab bilan bog‘lanish uchun ota-onalar (qonuniy vakillar) quyidagi rasmiy aloqa vositalaridan foydalanishlari mumkin: rasmiy elektron pochta; Maktabning rasmiy telefon raqamlari; Maktabning elektron boshqaruv tizimi (agar mavjud bo‘lsa) va Maktab tomonidan belgilangan boshqa rasmiy aloqa kanallari.

Ish vaqtidan tashqari qoldirilgan murojaatlar keyingi ish kunida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

MA’LUMOTNOMA

Maktab ta’lim jarayonini tashkil etish hamda Maktab hamjamiyati o‘rtasida rasmiy muloqotni ta’minlash maqsadida o‘quvchilar, ota-onalar (qonuniy vakillar), pedagoglar, xodimlar va boshqa vakolatli shaxslarga oid aloqa ma’lumotlaridan foydalanishi mumkin.

Bunday ma’lumotlardan faqat ta’lim jarayoni, Maktab faoliyati va boshqa rasmiy maqsadlar doirasida foydalaniladi. Ushbu ma’lumotlardan shaxsiy, tijorat, reklama yoki Maktab faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalanish, shuningdek ularni uchinchi shaxslarga berish taqiqlanadi, bundan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan holatlar mustasno.

Ma’lumotnomadagi shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlash O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi hamda Maktabning Shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish siyosati talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

INTIZOM VA XULQ-ATVOR STANDARTLARI

Maktab intizomni faqat qoidalarga rioya qilish vositasi sifatida emas, balki o‘quvchilarning shaxsiy rivojlanishi, mas’uliyat hissini shakllantirish va ijobiy xulq-atvor ko‘nikmalarini tarbiyalashning muhim qismi sifatida ko‘radi.

Maktab o‘quvchilarda o‘z xatti-harakatlarini boshqarish, o‘zini nazorat qilish, o‘zaro hurmat, hamkorlik va mas’uliyatli qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga intiladi. Har bir o‘quv yili boshida o‘quvchilarga Maktabning xulq-atvor qoidalari, xavfsizlik talablari hamda akademik halollik tamoyillari tushuntiriladi.

Maktabda barcha o‘quvchilar, pedagoglar, xodimlar va mehmonlarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning huquqlari, qadr-qimmati va shaxsiy mulkini hurmat qilish talab etiladi.

Maktabning asosiy qadriyatlari

Maktab xavfsiz, inklyuziv va qo‘llab-quvvatlovchi ta’lim muhitini ta’minlashga intiladi. Shu munosabat bilan har bir o‘quvchidan quyidagilar kutiladi:

  • halollik va vijdonlilik tamoyillariga amal qilish;
  • boshqalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish;
  • madaniyatli va odobli muloqot qilish;
  • Maktabning ichki qoidalariga rioya qilish;
  • ta’lim jarayonida faol ishtirok etish;
  • Maktab mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish;
  • xavfsiz ta’lim muhitini saqlashga hissa qo‘shish.

O‘quvchilarning majburiyatlari

Maktab o‘quvchilarda mustaqillik va shaxsiy mas’uliyat hissini rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. O‘quvchilar yuzaga kelgan muammolar haqida o‘z vaqtida pedagoglar yoki Maktab ma’muriyatiga xabar berishlari, zarurat tug‘ilganda mustaqil ravishda yordam so‘rashlari va yuzaga kelgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga intilishlari lozim.

Maktab imkon qadar o‘quvchilarning muammolarni mustaqil hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi hamda zarur hollarda ota-onalarni (qonuniy vakillarni) ushbu jarayonga jalb qiladi.

Intizomiy choralar

Ushbu Qo‘llanmada, Xulq-atvor kodeksi, Akademik halollik siyosati va Maktabning boshqa ichki hujjatlarida belgilangan talablarni buzish holatlari intizomiy choralar qo‘llanilishiga asos bo‘lishi mumkin.

Qoidabuzarlikning xususiyati, og‘irlik darajasi, takrorlanishi hamda uning boshqa o‘quvchilar yoki Maktab faoliyatiga ta’siridan kelib chiqqan holda quyidagi choralar qo‘llanilishi mumkin ogohlantirish, profilaktik suhbat, ota-ona (qonuniy vakil) bilan uchrashuv, xulq-atvorni tuzatish rejasini ishlab chiqish, Maktabning ayrim tadbirlarida ishtirok etishni vaqtincha cheklash, vaqtincha dars mashg‘ulotlaridan chetlashtirish yoki Ta’lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma va Maktabning ichki hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ta’lim munosabatlarini tugatish.

Javobgarlik

O‘quvchilar o‘z harakatlari yoki harakatsizligi natijasida boshqa shaxslarga yoki Maktab mol-mulkiga yetkazilgan zarar uchun O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi hamda Ta’lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma talablariga muvofiq javobgar bo‘lishlari mumkin.

Qoidalarning qo‘llanilishi

Maktabning xulq-atvor qoidalari o‘quvchi Maktabda ta’lim olayotgan butun davr mobaynida amal qiladi. Ushbu qoidalar Maktab hududida, Maktab tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda, ekskursiyalarda, musobaqalarda, shuningdek ta’lim jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan boshqa hollarda ham tatbiq etiladi.

Zarur hollarda ushbu qoidalarning talablari o‘quvchining Maktab obro‘siga, xavfsizligiga yoki ta’lim muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan Maktabdan tashqari xatti-harakatlariga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.

Yakunlovchi qoida

Ushbu Qo‘llanmada keltirilgan qoidalar Maktabning barcha talablarini to‘liq qamrab olmaydi. Maktabning qarorlari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi, Ta’lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma, ushbu Qo‘llanma hamda Maktabning boshqa ichki siyosatlari va qoidalari asosida qabul qilinadi.

MOBIL TELEFONLAR VA BOSHQA ELEKTRON QURILMALAR

O‘quvchilar Maktab hududiga mobil telefonlar, planshetlar, aqlli soatlar va boshqa shaxsiy elektron qurilmalarni o‘z mas’uliyati ostida olib kelishlari mumkin. Maktab ushbu qurilmalarning yo‘qolishi, o‘g‘irlanishi yoki shikastlanishi uchun javobgar hisoblanmaydi.

O‘quvchilar elektron qurilmalardan foydalanishda ushbu Qo‘llanma, Maktabning ichki qoidalari hamda pedagog xodimlarning qonuniy talablariga rioya qilishlari shart. Dars mashg‘ulotlari vaqtida barcha shaxsiy elektron qurilmalar o‘chirilgan yoki ovozsiz rejimga o‘tkazilgan va o‘quvchining sumkasida yoki Maktab tomonidan belgilangan joyda saqlangan bo‘lishi lozim.

Elektron qurilmalardan dars jarayonida faqat o‘qituvchining oldindan bergan ruxsati bilan va faqat ta’lim maqsadlarida foydalanish mumkin. Bunday hollarda qurilmalardan foydalanish faqat o‘qituvchining ko‘rsatmalariga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘quvchilarga elektron qurilmalardan quyidagi maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi: dars jarayoniga xalaqit berish, boshqa o‘quvchilar yoki xodimlarning ta’lim olishiga to‘sqinlik qilish, boshqa shaxslarning roziligisiz foto, video yoki audio yozuvga olish, ijtimoiy tarmoqlar yoki xabar almashish dasturlaridan dars jarayonida shaxsiy maqsadlarda foydalanish, kiberbulling, tahdid, haqorat yoki boshqa noqonuniy harakatlarni amalga oshirish va Maktabning boshqa ichki qoidalarini buzish.

Ushbu talablar buzilgan taqdirda pedagog xodim yoki Maktab ma’muriyati o‘quv mashg‘ulotlari tugaguniga qadar elektron qurilmani vaqtincha olib qo‘yish huquqiga ega. Qurilma o‘quv kuni tugagach o‘quvchiga yoki zarur hollarda uning ota-onasiga (qonuniy vakiliga) qaytariladi.

Takroran yoki qo‘pol qoidabuzarlik sodir etilgan taqdirda Maktab ota-ona (qonuniy vakil) bilan uchrashuv o‘tkazishi hamda ushbu Qo‘llanma va Xulq-atvor kodeksi talablariga muvofiq intizomiy choralar qo‘llashi mumkin. Maktab o‘quvchining shaxsiy elektron qurilmasida saqlanayotgan ma’lumotlarni ko‘rish, nusxa olish yoki ulardan foydalanish huquqiga ega emas, bundan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan holatlar yoki o‘quvchi va uning ota-onasi (qonuniy vakili)ning yozma roziligi mavjud bo‘lgan hollar mustasno.

GIYOHVAND VOSITALARI, PSIXOTROP MODDALAR VA ALKOGOL

Umumiy qoidalar

Maktab hududida hamda Maktab tomonidan tashkil etilgan barcha tadbirlarda o‘quvchilarga quyidagilar qat’iyan taqiqlanadi: alkogolli ichimliklarni saqlash, iste’mol qilish, tarqatish yoki sotish; giyohvand vositalar, psixotrop moddalar, ularning analoglari yoki qonunchilikda taqiqlangan boshqa psixoaktiv moddalarni saqlash, iste’mol qilish, tarqatish yoki sotish; shuningdek yuqorida ko‘rsatilgan moddalar ta’siri ostida Maktab hududiga kelish yoki Maktab tadbirlarida ishtirok etish.

Ushbu talablar Maktab hududida, Maktab transportida hamda Maktab tomonidan tashkil etilgan ekskursiyalar, musobaqalar, lagerlar va boshqa rasmiy tadbirlarda amal qiladi. Maktabdan tashqari hududda o‘quvchining ushbu moddalar bilan bog‘liq harakatlari Maktabning xavfsizligi, obro‘si yoki boshqa o‘quvchilarning manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan hollarda ham mazkur Qo‘llanma va Ta’lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma talablariga muvofiq ko‘rib chiqilishi mumkin.

Dori vositalari

Shifokor tomonidan buyurilgan dori vositalaridan tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq foydalanish ushbu bo‘lim bilan taqiqlanmaydi.

Agar o‘quvchi o‘quv kuni davomida dori qabul qilishi zarur bo‘lsa, ota-ona (qonuniy vakil) bu haqda Maktabni oldindan xabardor qilishi hamda dori vositalarini Maktab hamshirasiga yoki Maktab tomonidan vakolat berilgan mas’ul xodimga shaxsan topshirishi lozim. O‘quvchilarga dori vositalarini o‘z sumkalarida saqlash yoki boshqa o‘quvchilarga berish taqiqlanadi, bundan favqulodda tibbiy holatlar uchun mo‘ljallangan vositalar (masalan, ingalyator yoki avtoinjektor) hamda Maktabning Tibbiy yordam ko‘rsatish siyosatida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Qoidabuzarlik holatlari

Maktab mazkur qoidalar buzilganligi haqida asosli ma’lumot mavjud bo‘lgan taqdirda vaziyatni ichki tartibda o‘rganish huquqiga ega. Zarur hollarda Maktab ota-onani (qonuniy vakilni) xabardor qiladi, o‘quvchi bilan profilaktik suhbat o‘tkazadi, psixolog yoki boshqa mutaxassis ishtirokini tavsiya qilishi mumkin yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda vakolatli davlat organlariga murojaat qilishi mumkin.

Intizomiy choralar har bir holatning xususiyati, og‘irlik darajasi va keltirilgan oqibatlar hisobga olingan holda Ta’lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma, Xulq-atvor kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq belgilanadi.

Tamaki va nikotin mahsulotlari

Maktab hududida, Maktab transportida va Maktab tomonidan tashkil etilgan barcha tadbirlarda quyidagilarni saqlash, iste’mol qilish yoki tarqatish taqiqlanadi: tamaki mahsulotlari, elektron sigaretalar, veyp qurilmalari, nikotin saqlovchi mahsulotlar va qonunchilikda cheklangan boshqa o‘xshash mahsulotlar.

Ushbu talablarni buzish holatlari ushbu Qo‘llanma, Xulq-atvor kodeksi, Ta’lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq ko‘rib chiqiladi.

OILA

Oilaviy holatlar

O‘quvchining ta’lim olishi, xavfsizligi yoki ruhiy-emotsional holatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan muhim oilaviy holatlar yuzaga kelgan taqdirda, ota-ona (qonuniy vakil) imkoni qadar qisqa muddatda bu haqda Maktab ma’muriyatini xabardor qilishi so‘raladi. Bunday holatlarga, jumladan, quyidagilar kiradi:

  • oila a’zosining vafoti;
  • oila a’zosining og‘ir kasalligi yoki shifoxonaga yotqizilishi;
  • ota-onaning ajrashi yoki alohida yashay boshlashi;
  • farzandlikka olish yoki vasiylik bilan bog‘liq o‘zgarishlar;
  • oila tarkibidagi boshqa muhim o‘zgarishlar;
  • o‘quvchining ta’lim jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa holatlar.

Mazkur ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish Maktabga o‘quvchiga zarur pedagogik, psixologik va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish imkonini beradi. Ota-onalar (qonuniy vakillar) tomonidan taqdim etilgan barcha ma’lumotlar maxfiy hisoblanadi hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va Maktabning Shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish siyosati talablariga muvofiq qayta ishlanadi va himoya qilinadi.

OTA-ONALAR (QONUNIY VAKILLAR) TOMONIDAN MAKTABNI QO‘LLAB-QUVVATLASH TO‘G‘RISIDA BAYONOT

Maktab, o‘quvchi hamda uning ota-onasi (qonuniy vakili) o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch va hamkorlikka asoslangan munosabatlarning mavjudligi Maktabning ta’lim vazifalarini samarali amalga oshirishning muhim sharti hisoblanadi.

Maktabda ta’lim olayotgan o‘quvchining ota-onasi (qonuniy vakili) sifatida men Maktabning qadriyatlari, ta’lim falsafasi, ichki qoidalari va siyosatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularga rioya qilish muhimligini tushunaman.

Ota-ona (qonuniy vakil) quyidagi majburiyatlarni zimmasiga oladi:

  • Maktab ma’muriyati va pedagog xodimlar bilan ochiq, hurmatli va konstruktiv muloqot olib borish;
  • Maktabning rasmiy murojaatlari va xabarlariga o‘z vaqtida javob berish;
  • o‘quvchining Maktabga o‘z vaqtida kelishini ta’minlash;
  • o‘quvchiga uy vazifalarini bajarishi uchun zarur sharoit yaratish;
  • ushbu Qo‘llanma, Xulq-atvor kodeksi hamda Maktabning boshqa ichki hujjatlari mazmunini o‘quvchi bilan muhokama qilish;
  • Maktab hamjamiyatining boshqa a’zolariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish;
  • Maktab tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda imkoniyat doirasida ishtirok etish va Maktab bilan hamkorlik qilish.

Maktab bilan hamkorlik

Maktab ota-onalar (qonuniy vakillar) bilan konstruktiv hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Agar ota-ona (qonuniy vakil) yoki uning taklifi bilan Maktab faoliyatida ishtirok etayotgan boshqa shaxsning xatti-harakati Maktabning xavfsizligiga tahdid solsa, boshqa o‘quvchilar, xodimlar yoki ota-onalarning huquqlarini buzsa, ta’lim jarayoniga jiddiy xalaqit bersa, Maktabning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilsa yoki boshqa tarzda Maktab manfaatlariga zid bo‘lsa, Maktab qonunchilik hamda o‘zining ichki hujjatlariga muvofiq tegishli choralarni ko‘rish huquqiga ega.

Bunday choralarga, jumladan, rasmiy ogohlantirish, tushuntirish uchrashuvi o‘tkazish, Maktab hududiga kirish tartibiga vaqtincha cheklovlar belgilash, Maktab tadbirlarida ishtirok etish tartibini qayta ko‘rib chiqish hamda Ta’lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan hollarda shartnomaviy munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish kirishi mumkin.

Barcha qarorlar har bir holatning aniq sharoitlari, mutanosiblik tamoyili hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi hisobga olingan holda qabul qilinadi.

Maktab hududiga kirish

Maktab xavfsiz ta’lim muhitini ta’minlash maqsadida, qonunchilik va ichki xavfsizlik qoidalariga muvofiq, Maktab hududiga kirish tartibini belgilash hamda zarur hollarda ayrim shaxslarning kirishini vaqtincha cheklash huquqiga ega. Bunday cheklovlar faqat qonuniy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, o‘quvchilar va Maktab hamjamiyatining xavfsizligi manfaatlaridan kelib chiqqan holda qo‘llaniladi.

Alohida yashayotgan yoki ajrashgan ota-onalar (qonuniy vakillar)

Maktab o‘quvchining ta’lim olishi, xavfsizligi va farovonligini ta’minlash maqsadida ota-onalardan (qonuniy vakillardan) ajralish, nikohdan ajrashish, vasiylik yoki bolani tarbiyalash huquqiga oid boshqa muhim huquqiy holatlar haqida Maktabni o‘z vaqtida xabardor qilishlarini so‘raydi.

Agar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida, sud qarorida yoki vakolatli davlat organining qarorida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, har ikki ota-ona quyidagi huquqlarga ega:

  • o‘quvchining ta’lim jarayoni va akademik natijalari to‘g‘risida axborot olish;
  • Maktab tomonidan tashkil etilgan ota-onalar yig‘ilishlari va uchrashuvlarida ishtirok etish;
  • pedagoglar va Maktab ma’muriyati bilan o‘quvchi masalalari bo‘yicha muloqot qilish;
  • Maktabning rasmiy axborotlari, xabarnomalari va boshqa ma’lumotlarini olish;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda o‘quvchini Maktabdan olib ketish;
  • favqulodda tibbiy holatlarda qonunchilikda belgilangan tartibda qaror qabul qilish.

Agar ota-onalarning huquqlari yoki majburiyatlari sud qarori, notarial tasdiqlangan kelishuv yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlar bilan cheklangan yoki o‘zgartirilgan bo‘lsa, Maktab ushbu hujjatlarga muvofiq harakat qiladi.

Shu munosabat bilan ota-ona (qonuniy vakil) Maktabga quyidagi hujjatlarning tegishli nusxalarini taqdim etishi lozim: sud qarorlari, bolaning yashash joyi yoki tarbiyasiga oid kelishuvlar, vasiylik yoki homiylikka oid hujjatlar hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa tegishli hujjatlar.

Taqdim etilgan barcha hujjatlar maxfiy hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi hamda Maktabning Shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish siyosati talablariga muvofiq saqlanadi va qayta ishlanadi.

EKSKURSIYALAR VA SAYYOR TA’LIM TADBIRLARI

Maktab tomonidan tashkil etiladigan ekskursiyalar, tashriflar, o‘quv safarlari va boshqa sayyor ta’lim tadbirlari ta’lim jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi hamda o‘quv dasturini boyitish, amaliy bilimlarni mustahkamlash va o‘quvchilarning ijtimoiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkaziladi. Ekskursiyalarda ishtirok etish uchun o‘quvchi ushbu Qo‘llanma va Maktabning ichki qoidalariga rioya qilishi, xavfsizlik talablarini bajarishi hamda pedagog xodimlarning qonuniy ko‘rsatmalariga amal qilishi lozim.

Maktab muayyan ekskursiyada ishtirok etish masalasini ko‘rib chiqishda o‘quvchining intizomi, xavfsizlik talablariga rioya qilishi hamda boshqa ishtirokchilarning xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarni hisobga olish huquqiga ega.

Ekskursiya davomida o‘quvchilar Maktabning barcha ichki qoidalariga rioya qilishlari shart. Agar o‘quvchi ekskursiya vaqtida belgilangan qoidalarni buzsa yoki uning xatti-harakati o‘zining yoki boshqa ishtirokchilarning xavfsizligiga xavf tug‘dirsa, Maktab vaziyatdan kelib chiqqan holda tegishli choralarni ko‘rishi mumkin.

Zarur hollarda Maktab ota-onani (qonuniy vakilni) xabardor qiladi va o‘quvchini tadbirdan muddatidan oldin olib ketishni yoki uning qaytishini tashkil etishni so‘rashi mumkin.

Ota-onaning roziligi

Har bir ekskursiya yoki Maktabdan tashqarida o‘tkaziladigan tadbirda ishtirok etish uchun ota-ona (qonuniy vakil) tomonidan Maktab tasdiqlagan Ekskursiyada ishtirok etishga rozilik shakli formasi oldindan to‘ldirilishi va imzolanishi shart. Agar mazkur rozilik belgilangan muddatda taqdim etilmagan bo‘lsa, o‘quvchi ekskursiyada ishtirok etmaydi. Bunday holda Maktab o‘quvchi uchun, imkoniyatdan kelib chiqqan holda, Maktab hududida alternativ ta’lim mashg‘ulotlarini tashkil etadi yoki ota-ona (qonuniy vakil) bilan kelishilgan tartibda boshqa yechimni belgilaydi.

OVQATLANISH SIYOSATI

XXXXXXXXXXXXX

XAYRIYA VA MABLAG‘ YIG‘ISH TADBIRLARI

Maktab hududida yoki Maktab nomi bilan bog‘liq holda har qanday xayriya aksiyalari, mablag‘ yig‘ish tadbirlari, homiylik tashabbuslari yoki boshqa moliyaviy yig‘imlar faqat Maktabning oldindan berilgan yozma ruxsati bilan tashkil etilishi mumkin.

Hech bir sinf, o‘quvchi, ota-ona (qonuniy vakil), xodim, klub, jamoat birlashmasi yoki boshqa guruh Maktab ma’muriyatining oldindan yozma roziligisiz Maktab hamjamiyati a’zolaridan mablag‘ yig‘ishi, Maktab nomidan xayriya yoki homiylik mablag‘larini jalb qilishi va (yoki) uchinchi shaxslar, tashkilotlar yoki jamoatchilikka moliyaviy yordam yoki xayriya mablag‘lari to‘g‘risida murojaat qilishi mumkin emas.

Maktab tomonidan tasdiqlangan barcha xayriya va mablag‘ yig‘ish tadbirlari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi, Maktabning moliyaviy tartib-qoidalari hamda ichki siyosatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

NOQULAY OB-HAVO SHAROITLARI VA FAVQULODDA HOLATLAR

Agar noqulay ob-havo sharoitlari yoki boshqa favqulodda holatlar sababli Maktabning ish rejasini o‘zgartirish, darslarni vaqtincha to‘xtatish yoki masofaviy ta’lim shakliga o‘tish zarurati yuzaga kelsa, Maktab bu haqda ota-onalarni (qonuniy vakillarni) o‘z vaqtida xabardor qiladi. Bunday holatlarga, jumladan, quyidagilar kirishi mumkin:

  • kuchli qor yog‘ishi yoki muzlama;
  • kuchli yomg‘ir yoki suv toshqini xavfi;
  • kuchli shamol, chang bo‘roni yoki boshqa xavfli ob-havo hodisalari;
  • favqulodda yuqori harorat yoki boshqa iqlim sharoitlari;
  • tabiiy ofatlar;
  • davlat organlari tomonidan qabul qilingan tegishli qarorlar;
  • ta’lim jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa favqulodda vaziyatlar.

Maktabning ish tartibidagi o‘zgarishlar haqidagi rasmiy axborot quyidagi aloqa vositalari orqali e’lon qilinadi: Maktabning rasmiy veb-sayti, Maktabning elektron boshqaruv tizimi (agar mavjud bo‘lsa), rasmiy elektron pochta, SMS yoki boshqa rasmiy xabar berish tizimlari hamda Maktabning rasmiy messenjer guruhlari yoki boshqa tasdiqlangan axborot kanallari.

Ota-onalar (qonuniy vakillar) Maktabning rasmiy xabarlarini muntazam kuzatib borishlari hamda favqulodda holatlarda Maktab tomonidan berilgan ko‘rsatmalarga amal qilishlari lozim.

TEKSHIRUV VA XAVFSIZLIK SIYOSATI

Maktab o‘quvchilar, xodimlar va boshqa ishtirokchilar uchun xavfsiz ta’lim muhitini ta’minlash maqsadida ushbu Siyosatga muvofiq tekshiruv tadbirlarini amalga oshirishi mumkin.

Maktab ma’muriyati asosli sabablar mavjud bo‘lgan taqdirda, qonunchilik hamda Maktabning ichki qoidalariga muvofiq quyidagi buyumlarni ko‘zdan kechirish huquqiga ega: o‘quvchining maktab sumkasi yoki ryukzagi, Maktab tomonidan vaqtincha foydalanish uchun berilgan shkaf, jihoz yoki boshqa mol-mulk, Maktabga tegishli kompyuterlar, planshetlar va boshqa elektron qurilmalar, shuningdek Maktab mulki hisoblangan boshqa buyumlar.

Bunday tekshiruvlar faqat xavfsizlikni ta’minlash, taqiqlangan buyumlarni aniqlash yoki Maktabning ichki qoidalari buzilganligi haqida asosli ma’lumot mavjud bo‘lgan hollarda amalga oshiriladi. Maktab tomonidan quyidagilarni saqlash, olib kirish yoki ulardan foydalanish taqiqlanadi: qurollar va qurol sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan buyumlar, giyohvand vositalar, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari, alkogolli ichimliklar, tamaki va nikotin mahsulotlari, portlovchi yoki yonuvchan moddalar hamda qonunchilik yoki Maktabning ichki qoidalari bilan taqiqlangan boshqa buyumlar.

Agar tekshiruv davomida ushbu turdagi buyumlar aniqlansa, Maktab ularni vaqtincha olib qo‘yish, ota-onani (qonuniy vakilni) xabardor qilish hamda zarur hollarda vakolatli davlat organlariga xabar berish huquqiga ega.

Maktab o‘quvchining shaxsiy mobil telefoni, plansheti, noutbuki yoki boshqa shaxsiy elektron qurilmasida saqlanayotgan shaxsiy ma’lumotlar, yozishmalar, elektron pochta, foto, video yoki boshqa fayllarni ko‘rish, nusxa olish yoki ulardan foydalanish huquqiga ega emas, bundan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollar yoki o‘quvchi va uning ota-onasi (qonuniy vakili)ning yozma roziligi mavjud bo‘lgan hollar mustasno.

Shaxsiy elektron qurilmalarni tekshirish yoki ularga kirish uchun o‘quvchidan parol, PIN-kod yoki boshqa identifikatsiya ma’lumotlarini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno. Tekshiruvlar o‘quvchining qadr-qimmati va shaxsiy hayoti daxlsizligiga hurmat bilan munosabatda bo‘lgan holda, mutanosiblik va zarurat tamoyillari asosida amalga oshiriladi.

XIZMAT TEKSHIRUVLARI VA HOLATLARNI O‘RGANISH

Maktab o‘zining ichki qoidalari, siyosatlari yoki ta’lim jarayoni bilan bog‘liq talablar buzilganligi to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lgan taqdirda, holatni o‘rganish maqsadida ichki xizmat tekshiruvini o‘tkazishi mumkin.

Bunday tekshiruvlar xolislik, adolat, maxfiylik hamda barcha ishtirokchilarning huquq va qonuniy manfaatlariga hurmat qilish tamoyillari asosida amalga oshiriladi.

O‘quvchilardan holat yuzasidan haqqoniy ma’lumot berish, Maktab ma’muriyati va pedagog xodimlar bilan hamkorlik qilish hamda tekshiruv jarayoniga to‘sqinlik qilmaslik kutiladi. Tekshiruv jarayonida o‘quvchi o‘z tushuntirishini berish, qo‘shimcha ma’lumot yoki hujjatlarni taqdim etish, ota-onasi (qonuniy vakili) ishtirokini so‘rash huquqiga ega.

Agar o‘quvchi yoki uning ota-onasi (qonuniy vakili) tekshiruv jarayonida hamkorlik qilishdan bosh tortsa yoki tushuntirish bermasa, Maktab ish bo‘yicha mavjud obyektiv ma’lumotlar va dalillar asosida qaror qabul qilish huquqiga ega.

Hamkorlik qilmaslikning o‘zi avtomatik ravishda qoidabuzarlik sodir etilganligini anglatmaydi va mustaqil ravishda intizomiy chora qo‘llash uchun yagona asos bo‘la olmaydi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra qarorlar har bir holatning barcha sharoitlari, taqdim etilgan dalillar, ushbu Qo‘llanma, Xulq-atvor kodeksi, Ta’lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi talablarini hisobga olgan holda qabul qilinadi.

KUTUBXONA

Maktab kutubxonasi o‘quvchilarning o‘qish, mustaqil ta’lim olish, tadqiqot ishlarini bajarish hamda axborot resurslaridan samarali foydalanishi uchun mo‘ljallangan ta’lim hududi hisoblanadi.

Kutubxonada tinchlik va tartib saqlanishi lozim. Barcha o‘quvchilar kutubxona xodimlari hamda pedagoglarning qonuniy ko‘rsatmalariga amal qilishlari shart. Maktab kutubxonasi o‘quvchilarda kitobxonlik madaniyati, axborot savodxonligi, mustaqil izlanish ko‘nikmalari va kitobga qiziqishni rivojlantirishga qaratilgan dastur asosida faoliyat yuritadi.

Kutubxona xodimlari o‘quv dasturini qo‘llab-quvvatlash maqsadida pedagoglar bilan hamkorlikda ishlaydi hamda o‘quvchilarga ularning yoshi va sinfiga mos adabiyotlarni tanlashda ko‘maklashadi.

O‘quvchilar belgilangan tartibda kutubxona fondidan kitoblar va boshqa axborot resurslarini vaqtincha foydalanish uchun olish huquqiga ega. O‘quvchilar o‘zlariga berilgan kitoblar va boshqa kutubxona materiallarini ehtiyotkorlik bilan saqlashlari hamda belgilangan muddatda qaytarishlari shart.

Agar kutubxona materiali o‘quvchi tomonidan yo‘qotilsa yoki uning aybi bilan shikastlansa, ota-ona (qonuniy vakil) Maktab tomonidan belgilangan tartibda ushbu materialning qiymatini qoplashi yoki uni teng qiymatdagi yangi nusxa bilan almashtirishi mumkin.

Maktab elektron kutubxona resurslari yoki boshqa raqamli ta’lim platformalaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etishi mumkin. Elektron resurslardan foydalanish Maktabning Shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish siyosati hamda boshqa ichki qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Ota-onalarga (qonuniy vakillarga) o‘quvchilarning Maktab tomonidan tavsiya etilgan elektron resurslardan uy sharoitida foydalanishini nazorat qilish tavsiya etiladi.

Maktab kutubxonadan foydalanish qoidalarini muntazam buzgan o‘quvchining kutubxona xizmatlaridan foydalanish huquqini vaqtincha cheklash huquqiga ega. Bunday cheklov intizomiy chora emas, balki kutubxona resurslaridan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy chora hisoblanadi.

YO‘QOLGAN VA TOPILGAN BUYUMLAR

Maktab hududida topilgan kitoblar, kiyim-kechaklar, o‘quv anjomlari va boshqa shaxsiy buyumlar Maktabning resepsiya xizmatiga topshiriladi va belgilangan joyda saqlanadi.

O‘quvchilar va ota-onalar (qonuniy vakillar) yo‘qolgan buyumlarini Maktab tomonidan belgilangan vaqtlarda ushbu resepsiya xizmati orqali olishlari mumkin.

Maktab topilgan buyumlarni belgilangan muddat davomida saqlaydi. Agar ushbu muddat ichida buyumlar egalari tomonidan olib ketilmasa, Maktab ularni xayriya tashkilotlariga topshirish, qayta ishlash uchun berish yoki belgilangan tartibda hisobdan chiqarish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Maktab o‘quvchilar va ota-onalarga (qonuniy vakillarga) shaxsiy buyumlarga o‘quvchining ismi va familiyasini yozish yoki boshqa identifikatsiya belgilarini qo‘yishni tavsiya etadi. Bu yo‘qolgan buyumlarni egalariga tezroq qaytarish imkonini beradi.

Maktab topilgan shaxsiy buyumlarni saqlash va ularni egalariga qaytarish uchun oqilona choralarni ko‘radi, biroq nazoratsiz qoldirilgan shaxsiy buyumlarning yo‘qolishi yoki shikastlanishi uchun javobgar hisoblanmaydi.

SOG‘LIQ

Sog‘liqni saqlash siyosati

Maktab har bir o‘quvchi uchun xavfsiz va sog‘lom ta’lim muhitini ta’minlashga intiladi. O‘quvchining sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida, ota-onalardan (qonuniy vakillardan) kasallik belgilari mavjud bo‘lgan o‘quvchini Maktabga yubormaslik so‘raladi.

Quyidagi holatlardan biri kuzatilganda o‘quvchi Maktabga kelmasligi lozim: tana haroratining ko‘tarilishi (isitma), kuchli yoki doimiy yo‘tal, yuqumli kasallikka gumon qilishga asos bo‘ladigan teri toshmalari, qayt qilish yoki ko‘ngil aynishi, ich ketishi, ko‘zning yuqumli yallig‘lanishi (konyunktivit), o‘quvchining umumiy ahvoli ta’lim jarayonida ishtirok etishiga to‘sqinlik qiluvchi boshqa kasallik belgilari.

O‘quvchi tana harorati me’yorga kelganidan, yuqumlilik xavfi bartaraf etilganidan hamda o‘zini yaxshi his qilayotganidan keyin Maktabga qaytishi mumkin. Zarur hollarda Maktab tibbiy ma’lumotnoma yoki shifokorning o‘quvchining ta’lim jarayonida ishtirok etishi mumkinligi haqidagi xulosasini talab qilish huquqiga ega. Agar o‘quvchi o‘quv kuni davomida kasal bo‘lib qolsa, o‘zini yomon his qilsa yoki unda yuqumli kasallik alomatlari aniqlansa, Maktab ota-ona (qonuniy vakil) bilan zudlik bilan bog‘lanadi.

Bunday hollarda ota-ona (qonuniy vakil) yoki u tomonidan vakolat berilgan shaxs o‘quvchini imkoni qadar qisqa muddatda Maktabdan olib ketishi lozim. Maktabda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish siyosati talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Favqulodda tibbiy holatlarda harakat qilish

Agar o‘quvchida Maktab hududida yoki Maktab tomonidan tashkil etilgan tadbir davomida shoshilinch tibbiy yordam talab etadigan holat yuzaga kelsa, Maktab xodimlari Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish siyosati talablariga muvofiq birinchi tibbiy yordam ko‘rsatadilar hamda zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasining shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga murojaat qiladilar.

Bunday hollarda Maktab ota-ona (qonuniy vakil) yoki ular tomonidan ko‘rsatilgan favqulodda aloqa qilish uchun mas’ul shaxs bilan imkoni qadar tez fursatda bog‘lanish choralarini ko‘radi.

Ota-ona (qonuniy vakil) Maktabga taqdim etilgan quyidagi ma’lumotlarning doimo dolzarb va to‘g‘ri bo‘lishini ta’minlashi shart: aloqa telefon raqamlari, elektron pochta manzili, favqulodda holatlarda bog‘lanish uchun qo‘shimcha shaxslar haqidagi ma’lumotlar va o‘quvchining tibbiy holatiga oid muhim ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa).

Ota-ona (qonuniy vakil) ushbu ma’lumotlarda yuz bergan har qanday o‘zgarish haqida Maktabni zudlik bilan xabardor qilishi lozim. Ma’lumotlar Maktabning rasmiy axborot tizimi yoki Maktab tomonidan belgilangan boshqa tartibda yangilanadi.

Tibbiy holatlar

Agar o‘quvchi Maktab hududida yoki Maktab tomonidan tashkil etilgan tadbir davomida jarohat olsa yoki o‘zini yomon his qilsa (masalan, bosh qismiga zarba olishi, kesilish, tirnalish, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari yoki tanaffus vaqtida jarohatlanishi, yiqilish yoki boshqa jarohatlar), u Maktabning tibbiyot xonasiga olib boriladi.

Maktabning tibbiyot xodimi yoki vakolatli mas’ul xodimi o‘quvchining holatini baholaydi hamda zarur hollarda Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish siyosati talablariga muvofiq birinchi tibbiy yordam ko‘rsatadi.

Agar o‘quvchining holati shoshilinch tibbiy yordam talab qilsa, Maktab shoshilinch tibbiy yordam xizmatini chaqirishi, ota-onani (qonuniy vakilni) yoki favqulodda holatlarda bog‘lanish uchun ko‘rsatilgan shaxsni zudlik bilan xabardor qilishi mumkin.

Jarohat yoki kasallikdan keyin Maktabga qaytish

Agar o‘quvchi kasallik yoki jarohat sababli jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari, sport mashg‘ulotlari yoki boshqa jismoniy faoliyatda ishtirok eta olmasa, ota-ona (qonuniy vakil) bu haqda Maktabni oldindan xabardor qilishi lozim. Agar bunday cheklov bir o‘quv kunidan ortiq davom etsa yoki o‘quvchining ta’lim jarayonida ishtirok etishiga ta’sir ko‘rsatsa, Maktab shifokor tomonidan berilgan tibbiy ma’lumotnoma yoki tegishli tibbiy xulosani talab qilish huquqiga ega.

Agar o‘quvchi bosh miya chayqalishi yoki boshqa jiddiy jarohat olgan bo‘lsa, ota-ona (qonuniy vakil) Maktabga shifokor tomonidan berilgan tibbiy xulosa va tavsiyalarni taqdim etishi lozim.

Maktab tibbiy mutaxassis tavsiyalari asosida o‘quvchining ta’lim jarayonida xavfsiz ishtirok etishini ta’minlash uchun zarur tashkiliy choralarni ko‘radi.

Aloqador tibbiy ma’lumotlardan foydalanish

O‘quvchini Maktabga qabul qilish va ta’lim jarayonini tashkil etish maqsadida ota-ona (qonuniy vakil) o‘quvchining ta’lim jarayoni, xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tibbiy ma’lumotlarni Maktabga taqdim etishga rozilik beradi. Bunday ma’lumotlardan faqat o‘quvchining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, xavfsiz ta’lim muhitini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa qonuniy maqsadlarda foydalanilishi mumkin.

Maktab tibbiy va psixologik ma’lumotlarni faqat xizmat vazifalarini bajarishi uchun ushbu ma’lumotlardan xabardor bo‘lishi zarur bo‘lgan xodimlarga (masalan, Maktab tibbiyot xodimi, Maktab direktori, tegishli ma’muriy xodim yoki o‘quvchining xavfsizligi uchun mas’ul pedagog) taqdim etishi mumkin.

Tibbiy ma’lumotlardan foydalanish va ularni qayta ishlash eng kam zarur ma’lumot tamoyili asosida amalga oshiriladi. Maktab o‘quvchilarning tibbiy va psixologik ma’lumotlarining maxfiyligi, xavfsizligi va himoyasini ta’minlash uchun tegishli tashkiliy, texnik va huquqiy choralarni ko‘radi.

Tibbiy ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi hamda Maktabning Shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish siyosati talablariga muvofiq qayta ishlanadi va saqlanadi. Qonunchilikda bunday ma’lumotlarni davlat organlariga taqdim etish majburiyati nazarda tutilgan hollarda, Maktab imkoniyat mavjud bo‘lgan taqdirda, ota-onani (qonuniy vakilni) oldindan xabardor qilishga harakat qiladi, agar bunday xabardor qilish qonunchilikka zid bo‘lmasa.

MAKTAB MULKI

O‘quvchilar Maktabning binolari, sinf xonalari, hojatxonalari, kutubxonasi, sport inshootlari, mebeli, o‘quv jihozlari, axborot texnologiyalari vositalari hamda boshqa Maktab mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlari shart.

Har bir o‘quvchi Maktab mulkidan faqat uning belgilangan maqsadiga muvofiq foydalanishi hamda uning saqlanishiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi lozim. Agar o‘quvchi qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida Maktab mulkiga zarar yetkazsa, mazkur holat Maktab tomonidan o‘rganiladi.

Zarar yetkazilganligi tasdiqlangan taqdirda, uni qoplash masalasi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi, Ta’lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma hamda Maktabning ichki qoidalariga muvofiq hal etiladi.

Maktab binolari va jihozlarining tozaligi hamda saqlanishini ta’minlash maqsadida Maktab hududida saqich chaynash taqiqlanadi, bundan tibbiy ko‘rsatmalar bilan bog‘liq holatlar mustasno.

BOLALARGA NISBATAN ZO‘RAVONLIK YOKI E’TIBORSIZLIK HOLATLARI HAQIDA XABAR BERISH

Maktab har bir o‘quvchining hayoti, sog‘lig‘i, xavfsizligi va huquqlarini himoya qilishni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblaydi. Maktab xodimlari bolaga nisbatan quyidagi holatlar yuzasidan asosli gumonlar mavjud bo‘lgan taqdirda qonunchilikda belgilangan tartibda harakat qilishlari shart: jismoniy zo‘ravonlik, ruhiy (psixologik) zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik yoki jinsiy ekspluatatsiya, beparvolik yoki qarovsiz qoldirish, bolaning hayoti, sog‘lig‘i yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa har qanday holatlar.

Bunday holatlar aniqlangan yoki ularga asosli gumon mavjud bo‘lgan taqdirda, Maktab O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq tegishli vakolatli davlat organlariga xabar berish hamda ular bilan hamkorlik qilish huquqiga va zarur hollarda majburiyatiga ega.

Maktab bunday holatlarni ko‘rib chiqishda bolaning eng yaxshi manfaatlari, uning xavfsizligi va maxfiyligi ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratadi. Bolalarni himoya qilish bilan bog‘liq ushbu tartib yuzasidan savollar mavjud bo‘lgan taqdirda, ota-ona (qonuniy vakil) yoki o‘quvchi Maktab direktori yoki bolalarni himoya qilish uchun mas’ul etib tayinlangan xodimga murojaat qilishi mumkin.

MAKTAB HUDUDIDA XAVFSIZLIK

Maktab o‘quvchilar, xodimlar, ota-onalar (qonuniy vakillar) va mehmonlar uchun xavfsiz ta'lim muhitini ta'minlashga intiladi.

Maktabda favqulodda holatlar, inqirozli vaziyatlar, evakuatsiya, yong‘in xavfsizligi, tibbiy holatlar hamda boshqa xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatlarda harakat qilish tartibini belgilovchi ichki reja va tartib-taomillar mavjud.

Favqulodda holat yoki inqirozli vaziyat yuzaga kelgan taqdirda, Maktab ota-onalarni (qonuniy vakillarni) vaziyatning xususiyati, ko‘rilayotgan choralar hamda zarur harakatlar haqida rasmiy aloqa kanallari orqali o‘z vaqtida xabardor qiladi. Bunday xabarlar quyidagi vositalar orqali yuborilishi mumkin rasmiy elektron pochta, telefon qo‘ng‘irog‘i, SMS yoki messenjer xabarlari, Maktabning rasmiy veb-sayti, Maktabning elektron boshqaruv tizimi (agar mavjud bo‘lsa) yoki Maktab tomonidan belgilangan boshqa rasmiy aloqa kanallari.

Favqulodda holatlarda Maktab nomidan rasmiy axborot Maktab direktori yoki u tomonidan vakolat berilgan shaxs tomonidan taqdim etiladi. Har bir sinf xonasi va tegishli bo‘linmalarda favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha zarur yo‘riqnomalar, evakuatsiya rejalari hamda xavfsizlik tartiblari mavjud bo‘lishi ta'minlanadi.

Maktab o‘quvchilar, pedagoglar va xodimlar ishtirokida amaldagi qonunchilik hamda Maktabning ichki tartib-qoidalariga muvofiq xavfsizlik mashqlari, evakuatsiya mashg‘ulotlari va boshqa tayyorgarlik tadbirlarini muntazam ravishda o‘tkazishi mumkin. Maktab ob-havo sharoitlari, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatlar hamda ta'lim jarayoniga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa omillarni doimiy ravishda kuzatib boradi.

Mehmonlarning Maktab hududiga kirishi

Maktab hududiga tashrif buyuruvchi barcha mehmonlar asosiy qabulxona orqali kirishlari, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishlari hamda zarur hollarda mehmon identifikatsiya kartasini olishlari shart. Mehmonlar Maktab hududida faqat Maktab tomonidan belgilangan tartibda harakatlanishlari lozim. Zarur hollarda mehmonlar Maktab xodimi hamrohligida harakatlanadilar.

Davlat organlari va favqulodda xizmatlar bilan hamkorlik

Maktab o‘quvchilar va xodimlarning hayoti hamda xavfsizligini ta'minlash maqsadida amaldagi qonunchilikka muvofiq vakolatli davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, yong‘in xavfsizligi xizmatlari, tez tibbiy yordam xizmati hamda boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilishi mumkin.

QUROLLAR VA TAHDIDLARNING OLDINI OLISH SIYOSATI

Maktab o‘quvchilar, xodimlar hamda tashrif buyuruvchilar uchun xavfsiz ta'lim muhitini ta'minlashni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblaydi. Shu munosabat bilan Maktab hududida, Maktab transportida hamda Maktab tomonidan tashkil etilgan barcha tadbirlarda qurol va xavf tug‘diruvchi buyumlarni olib yurish, saqlash yoki ulardan foydalanish qat'iyan taqiqlanadi. Taqiqlangan buyumlarga, jumladan, quyidagilar kiradi o‘qotar qurollar, pnevmatik, gazli va signal qurollari, sovuq qurollar, portlovchi moddalar va portlovchi qurilmalar, pirotexnika vositalari, elektr shok qurilmalari, lazer qurilmalari yoki boshqa inson sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan moslamalar va qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan boshqa buyumlar.

Shuningdek, boshqa shaxslarni qo‘rqitish, vahima uyg‘otish yoki tahdid qilish maqsadida qurolga o‘xshash buyumlarni, jumladan o‘yinchoq qurollar, qurol maketlari yoki shunga o‘xshash buyumlarni Maktabga olib kelish ham taqiqlanadi.

O‘quv jarayonida foydalaniladigan sport anjomlari, laboratoriya jihozlari yoki boshqa maxsus vositalar faqat o‘z belgilangan maqsadi bo‘yicha va pedagog xodim nazorati ostida ishlatilishi mumkin.

Taqiqlangan buyumlar aniqlanganda

Agar Maktab hududida taqiqlangan buyum aniqlansa, Maktab buyumni vaqtincha olib qo‘yish, ota-ona (qonuniy vakil)ni darhol xabardor qilish, zarur hollarda vakolatli davlat organlariga murojaat qilish ushbu O’quvchi va Ota-onalar qu’llanmasi, Xulq-atvor kodeksi hamda Ta'lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq ichki tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega.

Tahdidlar va zo‘ravonlikka oid bayonotlar

Maktab o‘quvchilar, xodimlar yoki Maktabga nisbatan bildirilgan har qanday tahdidni jiddiy qabul qiladi. Tahdidlar quyidagi shakllarda bo‘lishi mumkin og‘zaki bayonotlar, yozma xabarlar, elektron pochta, messenjerlar, ijtimoiy tarmoqlar, SMS xabarlari, tasvirlar, videolar yoki boshqa raqamli materiallar.

Hazil tariqasida bildirilgan bo‘lsa ham, zo‘ravonlik, qurol ishlatish yoki zarar yetkazishga oid bayonotlar Maktab tomonidan tekshirilishi mumkin. Agar bunday xatti-harakatlar boshqa shaxslarning xavfsizligiga tahdid solishi yoki Maktab faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin deb topilsa, Maktab ushbu holatni o‘rganadi hamda zarur hollarda ota-onalarni (qonuniy vakillarni) xabardor qiladi, tegishli intizomiy choralarni qo‘llaydi, psixologik yordam ko‘rsatishni tavsiya qilishi mumkin va/yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda vakolatli davlat organlariga murojaat qiladi.

Har bir holat alohida ko‘rib chiqiladi hamda qaror ushbu O‘quvchi va Ota-onalar qo’llanmasi, Xulq-atvor kodeksi, Ta'lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq qabul qilinadi.

SHAXSIY MOL-MULK

O‘quvchilar o‘zlariga tegishli shaxsiy buyumlarni ehtiyotkorlik bilan saqlashlari hamda ulardan oqilona foydalanishlari shart. Maktab o‘quvchilarda shaxsiy mol-mulkka nisbatan mas'uliyatli munosabatni shakllantirishga intiladi. Shu bilan birga, Maktab nazoratsiz qoldirilgan yoki ushbu Qo‘llanma talablariga zid ravishda olib kelingan shaxsiy buyumlarning yo‘qolishi, shikastlanishi yoki buzilishi uchun javobgar hisoblanmaydi, bundan Maktabning aybi bilan yuzaga kelgan holatlar mustasno.

Ta'lim jarayoniga aloqador bo‘lmagan o‘yinchoqlar, qimmatbaho buyumlar, kolleksiya predmetlari va boshqa ortiqcha shaxsiy buyumlarni Maktabga olib kelish tavsiya etilmaydi. Har qanday turdagi o‘yinchoq qurollar, qurol maketlari yoki boshqa zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi buyumlarni Maktab hududiga olib kirish qat'iyan taqiqlanadi.

Ota-onalarga (qonuniy vakillarga) o‘quvchining kiyim-kechaklari, maktab sumkasi, sport anjomlari va boshqa shaxsiy buyumlariga o‘quvchining ism-familiyasi yoki boshqa identifikatsiya belgilarini qo‘yish tavsiya etiladi. Bu yo‘qolgan buyumlarni egasiga tezroq qaytarishga yordam beradi. O‘quv mashg‘ulotlari davomida bunday qurilmalar o‘chirilgan yoki ovozsiz rejimga o‘tkazilgan holda o‘quvchining sumkasida yoki Maktab tomonidan belgilangan joyda saqlanishi kerak, bundan pedagog tomonidan ta'lim maqsadlarida foydalanishga ruxsat berilgan holatlar mustasno.

MAKTABING ISH VAQTI

Maktabn ota-onalar (qonuniy vakillar), o‘quvchilar hamda boshqa manfaatdor shaxslarga Maktab tomonidan belgilangan ish kunlari va ish vaqtida xizmat ko‘rsatadi.

Maktabning amaldagi ish vaqti Maktabning rasmiy veb-saytida yoki boshqa rasmiy axborot kanallarida e'lon qilinadi.

IJTIMOIY TARMOQLAR VA RAQAMLI MULOQOT SIYOSATI

Ijtimoiy tarmoqlar va raqamli aloqa vositalari, jumladan Instagram, Facebook, X (Twitter), Telegram, WhatsApp, YouTube, LinkedIn hamda boshqa internet platformalari o‘quvchilar hayotining muhim qismi hisoblanadi.

Maktab o‘quvchilarni raqamli texnologiyalardan mas'uliyatli, xavfsiz va odob-axloq qoidalariga rioya qilgan holda foydalanishga undaydi. Maktab hamjamiyatining barcha a'zolari ijtimoiy tarmoqlarda va boshqa raqamli platformalarda boshqalarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari, kiberbulling, haqorat, tahdid, ta'qib yoki kamsitishga yo‘l qo‘ymasliklari, yolg‘on yoki chalg‘ituvchi axborot tarqatmasliklari, Maktabning obro‘e'tiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishlari, boshqa shaxslarning shaxsiy hayoti, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari, boshqa shaxslarning fotosuratlari, videolari yoki shaxsga doir ma'lumotlarini ularning roziligisiz tarqatmasliklari va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda Maktabning Shaxsga doir ma'lumotlarni himoya qilish siyosati, Xulq-atvor kodeksi va boshqa ichki hujjatlariga rioya qilishlari shart.

Agar ijtimoiy tarmoqlarda yoki boshqa raqamli platformalarda sodir etilgan xatti-harakatlar Maktab hamjamiyati a'zolarining xavfsizligiga, huquqlariga yoki ta'lim jarayoniga salbiy ta'sir ko‘rsatsa, Maktab ushbu holatni o‘rganish hamda ushbu Qo‘llanma va Maktabning ichki hujjatlariga muvofiq tegishli choralarni ko‘rish huquqiga ega.

IJTIMOIY TARMOQLAR VA RAQAMLI MUHITDAN MAKTABDAN TASHQARIDA FOYDALANISH

Maktab o‘quvchilarning Maktab hududidan tashqaridagi shaxsiy hayoti va qonuniy manfaatlarini hurmat qiladi hamda ularning shaxsiy raqamli faoliyatini nazorat qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymaydi.

Shu bilan birga, agar o‘quvchining internetdagi yoki ijtimoiy tarmoqlardagi xatti-harakatlari Maktab hamjamiyati a'zolarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga, Maktabning xavfsizligiga yoki ta'lim jarayoniga salbiy ta'sir ko‘rsatsa, Maktab ushbu holatni ushbu Qo‘llanma, Xulq-atvor kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq ko‘rib chiqish huquqiga ega.

O‘quvchilar internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda quyidagi talablarga rioya etishlari lozim boshqa o‘quvchilar, ota-onalar (qonuniy vakillar), xodimlar va Maktab hamjamiyatining boshqa a'zolariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish; kiberbulling, haqorat, tahdid, ta'qib, kamsitish yoki zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik; yolg‘on, tuhmat yoki Maktab hamjamiyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan noto‘g‘ri ma'lumotlarni tarqatmaslik; boshqa shaxslarning shaxsiy ma'lumotlari, fotosuratlari, videolari yoki boshqa materiallarini ularning roziligisiz e'lon qilmaslik, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno va/yoki Maktabning maxfiy ma'lumotlarini yoki ichki hujjatlarini ruxsatsiz oshkor qilmaslik.

Agar ijtimoiy tarmoqlardagi yoki boshqa raqamli platformalardagi faoliyat Maktab hamjamiyatining xavfsizligiga, boshqa shaxslarning huquqlariga yoki ta'lim jarayoniga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, Maktab ushbu holatni o‘rganishi hamda zarur hollarda ichki tartib-qoidalarga muvofiq tegishli choralarni ko‘rishi mumkin.

Maktab xodimlari bilan raqamli muloqot

Professional chegaralarni saqlash maqsadida o‘quvchilarga Maktab pedagoglari va boshqa xodimlari bilan shaxsiy ijtimoiy tarmoq akkauntlari orqali norasmiy muloqot qilish tavsiya etilmaydi.

Ta'lim jarayoniga oid barcha elektron muloqotlar Maktab tomonidan tasdiqlangan rasmiy aloqa vositalari orqali amalga oshirilishi kerak.

Agar o‘quvchi Maktab xodimi bilan bog‘liq nomaqbul yoki xavotir uyg‘otuvchi onlayn muloqotga duch kelsa, bu haqda darhol ota-onasiga (qonuniy vakiliga) yoki Maktab ma'muriyatiga xabar berishi tavsiya etiladi.

Maktab nomi va tasvirlaridan foydalanish

O‘quvchilar Maktabning nomi, logotipi, ramzlari yoki boshqa intellektual mulk obyektlaridan qonunchilik va Maktabning ichki qoidalariga muvofiq foydalanishlari mumkin.

Maktab tadbirlari yoki Maktab hududida olingan foto va video materiallarni e'lon qilishda boshqa shaxslarning shaxsiy hayoti, tasvirga bo‘lgan huquqi hamda Shaxsga doir ma'lumotlarni himoya qilish siyosati talablariga rioya qilinishi shart.

Maktabning maxfiy hujjatlari, xizmatga oid ma'lumotlari yoki ruxsatsiz olingan ichki materiallarini internetda e'lon qilish taqiqlanadi.

O‘QUVCHINING RAQAMLI SHAXSIYATI

O‘quvchilar Maktab tomonidan taqdim etilgan elektron pochta manzillari, axborot tizimlari, raqamli platformalar, internet tarmoqlari hamda boshqa axborot-kommunikatsiya resurslaridan foydalanishda ushbu O‘quvchi va Ota-onalar qo’llanmasi, Xulk-atvor kodeksi va Maktabning boshqa ichki hujjatlari talablariga rioya etish uchun shaxsan mas'uldirlar.

O‘quvchilar Maktabning oldindan yozma ruxsatisiz internet tarmog‘i, ijtimoiy tarmoqlar yoki boshqa raqamli platformalarda o‘zlarini Maktabning vakili sifatida ko‘rsatishga, Maktab nomidan bayonotlar berishga yoki ularning fikrlari Maktabning rasmiy pozitsiyasi sifatida talqin qilinishiga sabab bo‘ladigan harakatlarni amalga oshirishga haqli emaslar.

Maktabning nomi, logotipi, savdo belgisi, ramzlari va boshqa intellektual mulk obyektlaridan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda Maktabning ichki hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

MAKTABNING NAZORAT VA TEKSHIRUV O‘TKAZISH HUQUQI

Maktab axborot xavfsizligini ta'minlash, Maktabning axborot tizimlari va texnik vositalaridan qonuniy hamda maqsadli foydalanilishini nazorat qilish, shuningdek Maktabning ichki qoidalari buzilganligi to‘g‘risida asosli gumon mavjud bo‘lgan hollarda tekshiruv o‘tkazish maqsadida Maktabga tegishli elektron pochta xizmatlari, axborot tizimlari, internet tarmog‘i, raqamli platformalar va Maktab tomonidan taqdim etilgan elektron qurilmalardan foydalanishni tekshirish huquqiga ega.

Bunday tekshiruvlar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi, Shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish siyosati hamda Maktabning boshqa ichki hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Maktab faqat o‘ziga tegishli axborot tizimlari, elektron xizmatlari, tarmoqlari va texnik vositalarida mavjud bo‘lgan ma'lumotlarni tekshirishi mumkin.

Internet tarmog‘ida ommaviy foydalanish uchun e'lon qilingan axborot, agar u Maktab hamjamiyatining xavfsizligi, Maktabning qonuniy manfaatlari yoki ichki qoidalariga rioya etilishi bilan bog‘liq tekshiruv uchun ahamiyatga ega bo‘lsa, Maktab tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.

Mazkur talablar buzilgan taqdirda, o‘quvchiga nisbatan intizomiy choralar O‘quvchi va Ota-onalar qo’llanmasi, Xulk-atvor kodeksi, Ta'lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq qo‘llanilishi mumkin.

O‘QUVCHILAR VA KATTALAR O‘RTASIDAGI MULOQOT HAMDA O‘ZARO MUNOSABATLAR

Maktab o‘quvchilar, pedagoglar, ma'muriyat, xodimlar, ota-onalar (qonuniy vakillar), pudratchilar, volontyorlar hamda Maktab hududida bo‘ladigan boshqa shaxslar o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, professionallik, odob-axloq me'yorlari va bolalarning manfaatlarini himoya qilish tamoyillari asosida qurilishini ta'minlaydi.

Maktabning barcha xodimlari va Maktab nomidan faoliyat yurituvchi shaxslar o‘quvchilar bilan muloqotda professional chegaralarga rioya qilishlari hamda har qanday noo‘rin, ortiqcha shaxsiy yoki o‘quvchining xavfsizligi va farovonligiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan munosabatlardan tiyilishlari shart.

Agar o‘quvchi yoki uning ota-onasi (qonuniy vakili) Maktab xodimi yoki boshqa voyaga yetgan shaxsning o‘quvchiga nisbatan g‘ayrioddiy, noo‘rin, haddan tashqari yaqin yoki o‘quvchining xavfsizligi, sha'ni yoki qadr-qimmatiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlari yoki muloqoti haqida xabardor bo‘lsa, bu haqda darhol Maktab direktoriga yoki bolalarni himoya qilish masalalari bo‘yicha vakolatli mas'ul xodimga xabar berishi tavsiya etiladi.

Maktab bunday murojaatlarni maxfiylik tamoyiliga rioya qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi hamda Maktabning Xulq-atvor kodeksi va boshqa ichki hujjatlariga muvofiq ko‘rib chiqadi hamda zarur choralarni ko‘radi.

AXBOROT TEXNOLOGIYALARI

Maktab zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan ta'lim jarayonining ajralmas qismi sifatida foydalanadi hamda o‘quvchilarning raqamli savodxonligini, mas'uliyatli raqamli fuqarolik ko‘nikmalarini va axborot texnologiyalaridan xavfsiz foydalanish madaniyatini rivojlantirishga intiladi.

Ta'lim jarayonini samarali tashkil etish maqsadida Maktab o‘quvchilarga o‘quv dasturlarini o‘zlashtirish uchun zarur bo‘lgan elektron ta'lim platformalari, dasturiy ta'minot, internet resurslari va boshqa axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etishi mumkin.

O‘quvchilar Maktabning axborot texnologiyalaridan faqat ta'lim maqsadlarida hamda ushbu O‘quvchi va Ota-onalar qo’llanmasi, Xulk-atvor kodeksi, Shaxsga doir ma'lumotlarni himoya qilish siyosati va Maktabning boshqa ichki hujjatlariga muvofiq foydalanishlari shart.

Maktab axborot texnologiyalaridan foydalanish O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi, axborot xavfsizligi talablariga hamda shaxsga doir ma'lumotlarni himoya qilish tamoyillariga muvofiq amalga oshiriladi.

MAKTAB HUDUDIDA SHAXSIY ELEKTRON QURILMALARDAN FOYDALANISH

O‘quvchilar Maktab hududiga shaxsiy elektron qurilmalarni (mobil telefon, planshet, noutbuk va boshqa shunga o‘xshash qurilmalarni) olib kelgan taqdirda, ularning saqlanishi va butligi uchun birinchi navbatda o‘quvchi hamda ota-ona (qonuniy vakil) mas'ul hisoblanadi.

Maktab nazoratsiz qoldirilgan yoki ushbu Qo‘llanma talablariga zid ravishda olib kelingan shaxsiy elektron qurilmalarning yo‘qolishi, shikastlanishi yoki buzilishi uchun javobgar bo‘lmaydi, bundan zarar Maktabning aybi bilan yetkazilgan hollar mustasno.

Ota-onalarga (qonuniy vakillarga) shaxsiy elektron qurilmalarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi belgilardan foydalanish tavsiya etiladi.

Shaxsiy elektron qurilmalardan foydalanish ushbu Xulq-atvor kodeksi, Shaxsga doir ma'lumotlarni himoya qilish siyosati, O‘quvchi va Ota-onalar qo’llanmasi hamda Maktabning boshqa ichki hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘quvchilar shaxsiy elektron qurilmalarini ehtiyotkorlik bilan saqlashlari, dars vaqtida o‘qituvchining ko‘rsatmalariga rioya qilishlari, o‘qituvchi talabiga ko‘ra qurilmani darhol o‘chirishi yoki undan foydalanishni to‘xtatishi, qurilmalarni ovozsiz rejimda saqlashi, qurilmalardan faqat ta'lim maqsadlarida foydalanishi va Maktabning axborot xavfsizligi va shaxsga doir ma'lumotlarni himoya qilish qoidalariga rioya qilishi shart.

Maktab hududida boshqa shaxslarning fotosuratlari, video yoki audio yozuvlarini ularning roziligisiz olish, saqlash yoki tarqatish, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno, taqiqlanadi.

O‘quvchilarga Maktabning axborot tizimlariga zarar yetkazishga, ruxsatsiz kirishga, zararli dasturlarni tarqatishga, axborot xavfsizligi vositalarini chetlab o‘tishga yoki boshqa noqonuniy harakatlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bunday harakatlar ushbu Qo‘llanma va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq intizomiy choralar qo‘llanilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Maktab ichki tekshiruv o‘tkazish zarur bo‘lgan hollarda shaxsiy elektron qurilmadan foydalanishni vaqtincha cheklashi yoki qurilmani vaqtincha saqlash uchun qabul qilishi mumkin. Bunday choralar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi, Shaxsga doir ma'lumotlarni himoya qilish siyosati va Maktabning boshqa ichki hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Mazkur bo‘lim talablarini buzish o‘quvchiga nisbatan Xulq-atvor kodeksi, ushbu Qo‘llanma hamda Ta'lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq intizomiy choralar qo‘llanilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘QUVCHILARNING HUJJATLARI VA MA'LUMOTLARI

O‘quvchining shaxsiy hujjatlari, akademik yozuvlari, ma'lumotnomalari va transkriptlarini taqdim etish bo‘yicha murojaatlar ota-ona (qonuniy vakil) yoki vakolatli shaxs tomonidan yozma ravishda Maktab tomonidan belgilangan Maktabning vakolatli bo‘linmasiga yuboriladi.

O‘quvchining shaxsga doir ma'lumotlari, akademik yozuvlari va boshqa hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi hamda Maktabning Shaxsga doir ma'lumotlarni himoya qilish siyosati talablariga muvofiq himoya qilinadi.

O‘quvchining transkriptlari, ma'lumotnomalari yoki boshqa hujjatlari faqat ota-ona (qonuniy vakil)ning yozma roziligi asosida, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va/yoki vakolatli davlat organlarining qonuniy talabi asosida taqdim etilishi mumkin.

Agar Ta'lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha moliyaviy majburiyatlar bajarilmagan bo‘lsa, Maktab qonunchilikda ruxsat etilgan doirada qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishni yoki norasmiy hujjatlar va ma'lumotnomalarni berishni vaqtincha kechiktirish huquqiga ega. Bunda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq berilishi majburiy bo‘lgan rasmiy hujjatlar ushbu qoida bilan cheklanmaydi.

TA'LIM TO‘LOVLARI VA BOSHQA TO‘LOVLAR

Ta'lim xizmatlari uchun to‘lovlar, ro‘yxatdan o‘tish badallari hamda boshqa to‘lovlar Maktab va ota-ona (qonuniy vakil) o‘rtasida tuzilgan Ta'lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma, Toʻlovni qaytarish va oʻqishdan chiqish siyosati hamda Maktabning boshqa ichki hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Ota-ona (qonuniy vakil) Ta'lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan to‘lovlarni belgilangan muddatlarda va to‘liq hajmda amalga oshirishi shart. To‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelgan taqdirda, Maktab ota-onani (qonuniy vakilni) bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi hamda qarzdorlikni bartaraf etish uchun oqilona muddat taqdim etishi mumkin.

Agar qarzdorlik belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, Maktab Ta'lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq tegishli choralarni ko‘rish huquqiga ega, jumladan qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishni vaqtincha cheklash, qarzdorlikni undirish bo‘yicha qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni qo‘llash va Ta'lim xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilish yoki o‘quvchini o‘qishdan chiqarish masalasini amaldagi qonunchilik va shartnoma shartlariga muvofiq ko‘rib chiqish.

Moliyaviy majburiyatlarning bajarilishi o‘quvchining qonunchilikka muvofiq berilishi shart bo‘lgan rasmiy ta'lim hujjatlarini olish huquqini cheklamaydi.

TASHRIF BUYURUVCHILAR

Maktab hududiga kirish o‘quvchilar, xodimlar va tashrif buyuruvchilarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida nazorat qilinadi.

Maktabga tashrif buyuruvchi barcha shaxslar quyidagi talablarga rioya qilishlari shart ota-onalar (qonuniy vakillar) va boshqa tashrif buyuruvchilar Maktab ma'muriyatining ruxsatisiz bevosita sinf xonalariga kirishlari yoki Maktab hududida mustaqil harakatlanishlari mumkin emas, barcha tashrif buyuruvchilar Maktabning asosiy kirish qismi yoki qabulxonasi orqali kirishlari shart, tashrif buyuruvchilar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishlari hamda zarur hollarda mehmon identifikatsiya kartasini olishlari lozim, dars mashg‘ulotlariga tashrif buyurish faqat tegishli pedagog yoki Maktab ma'muriyati bilan oldindan kelishilgan holda amalga oshiriladi, zarur hollarda tashrif buyuruvchilar Maktab xodimi hamrohligida harakatlanadilar.

Xavfsizlikni ta'minlash maqsadida Maktab xodimlari, o‘quvchilar va boshqa shaxslar tashrif buyuruvchilar uchun mo‘ljallanmagan kirish-chiqish eshiklarini begona shaxslarga ochmasliklari shart.

Muhim eslatma: o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida Maktab hududida identifikatsiya belgisisiz yoki Maktab ma'muriyati ruxsatisiz bo‘lgan shaxs aniqlansa, Maktab xodimlari ushbu shaxsdan qabulxonaga murojaat qilib, ro‘yxatdan o‘tishini va belgilangan kirish tartibiga rioya etishini so‘rash huquqiga ega.